Strategik islohotlar agentligida 10 ta vazirlik va idoralar mas’ul vakillari ishtirokida “Ma’lumotlarni boshqarish milliy tizimi to‘g‘risida” Qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Qonun loyihasi matni ustida olib borilgan ishlar sarhisob qilinib, qonunni qo‘llashning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Yangi qonun barcha vazirlik va idoralar hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yishga, qarorlar qabul qilishda yagona yondashuvni joriy qilishga, ma’lumotlardan yagona hisobot formalarini joriy etish orqali keng foydalanishga hamda samarali strategik rejalashtirishni ishlab chiqishga qaratilganligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tildi.
Statistika agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi vakillari yangi qonun doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni samarali amalga oshirish maqsadida vakolatli organni belgilash muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Ma’lumotlarni “yagona ko‘l”da (“Data lake”) to‘plashda ularning sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi guruh tarkibiga boshqa manfaatdor idoralar, jumladan, Personallashtirish agentligi va Kiberxavfsizlik markazini kiritish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Belgilangan maqsadlarga erishish maqsadida qonun osti hujjatlarini ishlab chiqish orqali barcha chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha kelishilib olindi.