Strategik islohotlar agentligi tomonidan 2024-yil davomida muhim istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish, ularning amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish, xorijiy ekspertlar ko‘magining muvofiqligini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun: Agentlik tomonidan hisobot davrida 106 ta axborot-tahliliy materiallar tayyorlandi, vazirlik va idoralar bilan hamkorlida 52 ta qonunlar, Prezident farmoni va qarorlari, Hukumat qarorlari loyihalari ishlab chiqildi hamda xalqaro tashkilotlar, konsalting kompaniyalari vakillari va xorijiy ekspertlar bilan 60 dan ortiq uchrashuvlar tashkil qilindi, shuningdek, soha va tarmoqlarda samarali ekspertlik ko‘magini tashkil qilish bo‘yicha 16 ta axborot xatlari kiritildi.
Xususan:
I. Ijtimoiy soha, iqtisodiyot va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarda istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha:
- Soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qilgan holda, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida 30 ta tahliliy-axborot xatlari kiritildi hamda natijalariga ko‘ra Prezident Administratsiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar belgilandi.
“Millionlik shaharlar” talablarini belgilash, kelib chiquvchi xatarlarni kompleks baholash, sug‘urta bozori va yangi g‘oyalar bo‘yicha forum tashkil etish, tungi iqtisodiyotni rivojlantirish, tartibli migratsiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kiritilgan axborot xatlari shular jumlasidan.
Shuningdek, iqtisodiy rivojlanish va boshqa sohalarda ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan tahlillar natijasida ishlab chiqilgan 76 ta tahliliy ma’lumotnomalar axborot berish uchun tayyorlangan.
Ma’lumot uchun: tashqi savdoni milliy valyutada amalga oshirish imkoniyatlari, kanalizatsiya tarmog‘ini xususiylashtirish yo‘nalishlari, Aviatsiya parkini barpo etish, Hayot sifati reytingini joriy etish, yo‘l transporti sohasida “Aqlli yo‘l belgilari” tizimi, elektromobillar batareyalarini utilizatsiya qilish istiqbollari va boshqa sohalarda tahliliy-axborotlar tayyorlangan.
- Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda tegishli sohalarda kompleks islohotlarni chuqurlashtirish borasidagi strategik masalalar yuzasidan qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha.
2.1. Hisobot davrida istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqishni tashkiliy-uslubiy ta’minlashga doir 3 ta hujjat qabul qilindi:
a)“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishning 2024–yildagi ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (2024-yil 4 martdagi PQ-109-son);
b)“Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi samaradorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (2024-yil 29 maydagi PQ-198-son);
v)“Vatandoshlarning istiqbolli tashabbus va takliflarini tanlab olish bo‘yicha “Ildiz” platformasini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Administratsiyasi farmoyishi (2024-yil 23 yanvardagi AF-10-son).
2.2. Soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida 7 ta hujjat qabul qilindi.
“Yer qa’ri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
(2024-yil 31 oktyabrdagi O‘RQ-987-son), “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (2024-yil 3 oktyabrdagi O‘RQ-970-son), “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (2024-yil 1 martdagi PQ-108-son), “Toshkent viloyati va Xitoy Xalq Respublikasining provinsiyalari bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (2024-yil 29 avgustdagi PQ-307-son) “Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori (2024-yil 18 sentyabrdagi VMQ-582-son) shular jumlasidan.
Shuningdek, vazirlik va idoralar ishlab chiqqan 8 ta hujjat bo‘yicha Agentlik tomonidan ekspertlik ko‘magi ko‘rsatilib, takomillashtirilgan.
2.3. Hozirda Agentlik tomonidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tegishli sohalarda kompleks islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan 22 ta hujjat loyihalari tayyorlangan.
Shundan, quyidagi hujjatlar Davlat Rahbariga axborot berishga tayyor:
a) “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi;
b) “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi;
v) “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni boshqaruv sohasi va davlat xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi
g) “Uy-joy sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi;
d) “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida “gi Prezident Farmoni loyihasi;
e)“Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish va davlat boshqaruvi tizimini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihalari shular jumlasidan.
3. Soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarning amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha.
2024-yil 4-martdagi PQ–109-son qaror bilan jami 78 ta aniq chora-tadbirlardan iborat Strategik islohotlarni amalga oshirishga doir amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish natijasida 2024 yilda 61 ta huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilishi nazarda tutildi.
Ma’lumot uchun: 16 ta qonun, 26 ta Prezident farmonlari va qarorlari, 19 ta Hukumat hujjatlari ishlab chiqilishi belgilangan.
Chora-tadbirlar rejasida belgilangan tadbirlarni to‘liq va sifatli amalga oshirish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil qilindi va har bir yo‘nalish bo‘yicha kichik ishchi guruhlar tuzildi.
Muvofiqlashtiruvchi guruh tomonidan Chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Davlat Rahbariga oyma-oy axborot berib borilmoqda.
Xususan, tahlillar natijalariga ko‘ra “Telekommunikatsiya to‘g‘risida”gi Qonun, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonun, Tadbirkorlik kodeksi va “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risidagi”gi Qonun loyihalarini ishchi guruhi tashkil qilgan holda, qayta ishlab chiqish va takomillashtirish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilgan.
II. Xalqaro hamkorlik hamda islohotlarga xorijiy ekspertlarni jalb qilishni muvofiqlashtirish borasida.
- Hisobot davrida xalqaro tashkilotlar, konsalting kompaniyalari vakillari va xorijiy ekspertlar bilan 60 dan ortiq uchrashuvlar tashkil qilindi.
Ma’lumot uchun: Jahon banki vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), McKinsey&Company (AQSH), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Toni Bler Global o‘zgarishlar instituti (Buyuk Britaniya), “DB Engineering & Consulting” kompaniyasi (Germaniya), “Oliver Wyman” (AQSH), Global qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari maslahat guruhi (CGIAR), “Boston Consulting Group” (AQSH), shuningdek Rossiya, Latviya, Qozog‘iston Respublikasining strategik rejalashtirish sohasidagi mas’ul idoralari va sohadagi boshqa yetakchi tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Uchrashuvlar natijalariga ko‘ra bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirish va samarali ekspertlik ko‘magini tashkil qilish bo‘yicha 34 ta axborot xatlari kiritildi.
Ma’lumot uchun: Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mantovanelli, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Sh.Andrian, Turkiya Prezidenti Administratsiyasi iqtisodiy siyosatlar kengashi a’zosi X.Yurdakul, “Oliver Wyman” kompaniyasi vakili D.Uitni, T. Blerning Global o‘zgarishlar instituti vakili J.Rashid bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijalari yuzasidan batafsil axborotlar kiritilgan.
Shuningdek, vazirlik va idoralar uchun ekspert ko‘magini tashkillashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: BCG va McKinsey&Company kompaniyalarining Transport vazirligi, Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy xo‘jaligi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va boshqa tashkilotlar bilan uchrashuvlari tashkillashtirildi.
- Tarkibiy islohotlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy ekspertlar ko‘magining muvofiqligini va ta’sirchanligini ta’minlash maqsadida 2024-yil 29 mayda PQ–198–son qaror qabul qilindi.
Qarorga muvofiq Tarkibiy islohotlarni samarali amalga oshirish uchun xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, Agentlik xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb etish jarayonini muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan:
vazirlik va idoralar tomonidan jalb qilingan xorijiy konsultant va ekspertlar ro‘yxati shakllantirildi (jami – 122 ta ekspert);
xorijiy konsultant va ekspertlar bilan yangi tartibda tuziladigan shartnoma, ular tomonidan amalga oshirgan ishlari va ko‘rsatgan xizmatlari bo‘yicha dalolatnoma va yakuniy dalolatnoma namunasi ishlab chiqildi hamda barcha vazirlik va idoralarga yuborildi;
qaror ijrosini ta’minlashda yuzaga keladigan muhim va ko‘p uchraydigan masalalar bo‘yicha elektron ko‘rinishda savol-javob tarzidagi qo‘llanmani ishlab chiqildi.
Hozirda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda xorijiy konsultant va ekspertlarning yagona elektron platformasi xorijiyekspertlar.uz dasturi ishga tushirildi.
- “Yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha strategik tashabbuslar agentligi” avtonom notijorat tashkiloti (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida hamkorlik memorandumi (Toshkent shahri, 2024-yil 2-may) imzolandi.
Shuningdek, Memorandumni amalga oshirish bo‘yicha 12 ta yo‘nalishda 38 ta tadbirdan iborat 2024 yilga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Ma’lumot uchun: “Yangi vaqt uchun kuchli g‘oyalar” forumiga o‘xshash respublika darajasidagi tadbirni tashkillashtirish, ilg‘or bilimlar
va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha “chorlov nuqtalari” markazlarini yaratish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va boshqa bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi.
- Qozog‘iston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Unga muvofiq, strategik rejalashtirish yondashuvlari va metodologiyasini o‘rganish, milliy statistika tizimini raqamli transformatsiya qilish, texnik va professional ta’lim tizimini rivojlantirishning yangicha yondashuvlarini muhokama qilish kabi 10 ta yo‘nalishda hamkorlikda tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
III. Hududlardagi muammolarni va iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha
- Hisobot davrida bevosita Agentlik tomonidan hududlarda o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda bildirilgan fikr va mulohazalar, takliflar asosida ishlab chiqilgan hamda iqtisodiy o‘sish nuqtalarini belgilash va muammolarni hal etishga qaratilgan 3 ta Prezident qarori va 17 ta Hukumat qarorlari loyihalari ishlab chiqilib, qabul qilindi.
- 2024-yilning 4-19 yanvar kunlari Prezident Administratsiyasi rahbarligidagi ishchi guruhlar barcha hududlarga chiqib, 16ta yo‘nalish bo‘yicha islohotlar natijadorligi, ishga solinmagan imkoniyatlar o‘rganildi.
Shuningdek, 2024-yilning 22-29 fevral kunlari Strategik islohotlar agentligi, Biznes-ombudsman, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti va Savdo-sanoat palatasi vakillari tuman (shahar)larning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash va iqtisodiy o‘sishini ta’minlash masalalari o‘rganildi.
Natijasi bo‘yicha “Hududlarning salohiyatli o‘sish nuqtalarini aniqlash hamda tadbirkorlikni yaxshilashga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi tayyorlandi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Agentlik tomonidan Toshkent viloyatining Chinoz, Parkent, Yangiyo‘l va Oqqo‘rg‘on tumanlarining salohiyati va “o‘sish nuqtalari” o‘rganildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2024-yil 6 martda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhokama qilindi va topshiriqlar 14-son bayon bilan tasdiqlandi.
Tasdiqlangan bayonga asosan, Agentlik tomonidan Toshkent viloyatining 22 ta tuman va shahari yil davomida “otaliqqa” olingan holda, har oyda 4 tadan hududni tahlil qilib, qo‘shimcha zaxiralar aniqlandi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyatining har bir tuman va shahri bo‘yicha Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalari io‘lab chiqildi va qabul qilindi.
- Davlat Rahbari tashriflariga tayyorgarlik ko‘rish doirasida:
a) 2024-yilning 9 mart kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va mavjud muammolar o‘rganilib, tegishli takliflar tayyorlandi va Davlat rahbari nutqiga kiritildi.
Davlat rahbarining 2024-yil 14 mart kuni Sayxunobod tumaniga tashrifi davomida tumandagi tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Shu bilan birga, Strategik islohotlar agentligi tomonidan Sirdaryo va Oqoltin tumanlarida o‘rganishlar o‘tkazilib, qo‘shimcha “o‘sish nuqtalari” haqida Davlat Rahbariga axborot berildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha Agentlikning ishchi guruhi tomonidan “Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Oqoltin tumanlarida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi;
b)2024-yil mart oyida Sirdaryo viloyatining Xovos va Boyovut tumanlarini rivojlantirish va ishlatilmayotgan imkoniyatlar masalalari o‘rganildi.
Natijasi bo‘yicha “Sirdaryo viloyatining Xovos va Boyovut tumanlarida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi va 2024-yil 22 aprelda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi;
v) Jizzax viloyatiga tashrif doirasida 2024-yil 1-9aprel kunlari Rashidov, Zafarobod va Arnasoy tumanlari salohiyati va “o‘sish nuqtalari” bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi va ishchi guruhiga taqdim etildi.
g) 2024-yilning 14-18aprel kunlari Buxoro viloyati Shofirkon tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va mavjud muammolar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilib, tegishli takliflar tayyorlandi va ishchi guruhiga taqdim etildi.
d) 2024-yilning 7-14may kunlari Toshkent shahri Mirobod tumanining investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish masalalari o‘rganilib, Davlat Rahbariga axborot berildi hamda tayyorlangan takliflar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
IV. Agentlik faoliyatiga daxldor amalga oshirilgan boshqa ishlar.
1.Natijalarga erishishni boshqarish guruhi Delivery Unit tomonidan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-son qarori qabul qilinib, 2025 – 2030 yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi tasdiqlandi;
“Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi;
50 dan ortiq dietologlar, shifokorlar va sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha boshqa mutaxassislar ishtirokida mamlakat bo‘ylab yugurish va velosiped yo‘llari xaritalandi hamda ma’lumotlar Dashbordda aks ettirildi;
“Sog‘lom turmush tarzi va sport” festivali o‘tkazildi;
keksa aholi o‘rtasida “Tay-chi”ni yanada ommalashtirish uchun instruktorlar tayyorlash loyihasi yo‘lga qo‘yildi va Toshkent shahrida 2024-yilning avgust oyidan aholi o‘rtasida sinov darslari boshlanadi;
“Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Davlat Rahbari nomiga nomiga axborot tayyorlandi;
pestitsidlar va bolalarda saraton kasalligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni dastlabki baholash bo‘yicha onkologlar ishtirokida tadqiqot o‘tkazildi va natijalari mas’ul vazirliklarga taqdim etildi.
University of Utah Healthdan xorijlik mutaxassislarni 1 yillik kurs yaratish va shifokorlarni kolposkopiya texnikasi bo‘yicha o‘qitish uchun taklif qilishga grant mablag‘lari jalb etilmoqda;
430 ta tibbiyot muassasasida ko‘krak va bachadon bo‘yni saratoni bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi;
Saraton reestri UZINFOCOM ko‘magida amalga oshirilib, barcha saratonga oid reestr integratsiyasi amalga oshirilmoqda;
mapathon (muayyan mavzular bo‘yicha geoaxborot ma’lumotlarini to‘plash va tahlil qilishga qaratilgan tadbir-tanlov) noyabr oyida Buxoro viloyatining 13 tumani va shaharlarida o‘tkazildi;
Adliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda “Ichimlik suvi ta’minoti va oqava suvlarni chiqarib yuborish sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqildi;
oqava suvlarni oqizuvchi korxonalar xaritasi tuzildi. Har chorak korxonalarning oqava suv sifatlari to‘g‘risidagi ma’lumot Dashbordda aks ettirish uchun kiritib borilmoqda;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda suv sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan tajriba loyihasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda;
Ekologiya vazirligi bilan loyiha uchun zarur portativ laboratoriya uskunalariga bo‘lgan talablar aniqlandi, bir necha yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib borildi. Texnik topshiriq ishlab chiqilib tasdiqlandi.
BMTning “Davlat boshqaruvi forumi”ni 2025 yilda Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risida BMTning diplomatik notasi olindi;
Forumni O‘zbekistonda o‘tkazishning tashkiliy masalalari yuzasidan Hukumat qarori loyihasi tayyorlanmoqda.