Bugun Toshkent shahrining Mirobod tumani hokimiyatida Strategik islohotlar agentligi xodimlarining Agentlik direktori Baxodir Raxmatov boshchiligida, ushbu tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi 24/7 tartibida faoliyat yuritadigan ko’chalarni rivojlantirish va biznes vakillari duch kelayotgan masalalr muhokamasiga bag’ishlandi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar 24/7 tartibida ishlaydigan ko‘chalar tashrif buyuruvchilari uchun avtoturargohlarning yo‘qligi, chiqindilar qutilarining yetarli emasligi, elektr energiyasi bilan bog’liq masalalar kabi bir qator dolzarb masalalarni tilga oldilar. Shu bilan birga, infratuzilmani rivojlantirish va xizmat ko‘rsatishda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurati ham alohida ta’kidlandi.
Tadbirkorlar 24/7 tartibida ishlaydigan ko‘chalar uzunligini kamida 800 metrgacha kengaytirish taklifini ham ilgari surdilar. Bu ko‘chalarda yangi xizmatlar turlarini oshirib, ko‘proq mijozlarni jalb qilishga xizmat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, kadrlar yetishmovchiligi, xodimlarning ish joyini tez-tez o‘zgartirishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek xorijiy fuqarolarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish taklifi ham tilga olindi. Tadbirkorlar fikricha, bu malakali kadrlarni jalb qilishga va ishchi kuchi yetishmovchiligini bartaraf etishga yordam beradi. Bu borada Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurli, xususan, ishchi kuchi barqarorligini ta’minlash uchun tadbirkorlarni xodimlarning doimiy o‘zgarishidan himoya qilish kerakligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda 24/7 tartibida ishlaydigan ko‘chalarda tez yordam punktlarini tashkil etish masalasi ham ko‘tarildi. Bu favqulodda holatlarda tezkor yordam ko‘rsatish va tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi, jumladan, ofitsiantlar va boshqa xodimlar uchun kasbiy o‘sish va motivatsiya tizimini yaratish zarurati ham muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari ushbu kasblarning nufuzini oshirish va xizmat sifatini yaxshilash uchun amaliy choralar ko‘rish lozimligini ta’kidladilar.
Muhokamalar yakunida tadbirkorlar tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirar ekan, 24/7 tartibida ishlaydigan ko‘chalarni tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.
Strategik islohotlar agentligi tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va qayd etilgan masalalardan Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi va normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlashda foydalaniladi.