Strategik islohotlar agentligi tomonidan uy-joy sohasini rivojlantirish va isloh qilishda “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks yondashuv ishlab chiqildi. Ushbu tamoyil uy-joy qurilishi va boshqaruvining samarali hamda zamonaviy modelini yaratish, aholining huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va ekologik barqarorlikni oshirishga qaratilgan.
Tamoyilning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
– ko‘p kvartirali uylarni qurishda ulushli qurilish ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish;
– ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun uy-joy olish imkoniyatlarini oshirish;
– tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari va master-rejalar asosida uy-joylar qurilishini amalga oshirish;
– uy-joylar, jumladan, ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish;
– uy-joy sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish;
– davlat-xususiy sheriklik asosida uy-joy qurilishini rivojlantirish;
– uy-joy qurilishi jarayonida ekologik sifatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Ushbu tamoyilni amalga oshirish uchun Strategik islohotlar agentligi tomonidan Uy-joy sohasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, tamoyilni amalga oshirish maqsadida Agentlik huzurida maxsus Loyiha ofisi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha ofisining asosiy vazifalari:
1. Uy-joy sohasini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish.
2. Xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va konsalting kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan tavsiyalarni umumlashtirish hamda ularning samarali amalga oshirilishini ta’minlash.
3. Uy-joy sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va amaliyotga tatbiq etish.
4. Uy-joy sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, subvensiyalar samaradorligini oshirish uchun tahlillar o‘tkazish.
5. Resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va ushbu yo‘nalishda xalqaro ilg‘or tajribalar asosida takliflar tayyorlash.
6. Uy-joy sohasining institutsional tahlilini amalga oshirish va sohani isloh qilish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni ishlab chiqish.
7. Uy-joy sohasini raqamlashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish, zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish.
Kutilayotgan natijalar:
Loyiha ofisi tomonidan “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini amalga oshirish uchun kompleks “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Ushbu hujjat islohotlarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etishga va uy-joy sohasida muhim o‘zgarishlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.