Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Rahmatov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv hamda xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda shuningdek S.Chakrabarti ofisi vakillari, jumladan M.Beyns va F.Zayfert hamda Agentlikning boshqa xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida iqtisodiyot va ta’lim sohalaridagi islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama qilindi. Xususan, davlat tuzilmalarining samaradorligini oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, loyiha boshqaruvi va infratuzilmani rivojlantirishda yangi yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari Said biznes maktabi va “Ulug‘bek” dasturi kabi ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar. Ushbu tashabbuslar iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy-innovatsion rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan. Shuningdek, Agentlik huzuridagi Delivery Unit loyiha ofisi faoliyati ham atroflicha muhokama qilindi.
S.Chakrabarti o‘z tashrifi davomida turli vazirlik va idoralaridagi uchrashuvlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U islohotlarni amalga oshirishda sezilarli yutuqlar va xalqaro hamjamiyat bilan sheriklik aloqalarining mustahkamlanishini qayd etib, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hamkorlar o‘rtasida muvofiqlashtirishni kuchaytirish vositasi sifatida Country Platform maydonchasining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar S.Chakrabartining keyingi tashrifigacha bo‘lgan davr uchun qo‘shma ish rejasini belgilab oldilar. Mazkur uchrashuv keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.