Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bo’lishi uchun avvalo, hududlarni rivojlantirish muhim omildir.
2024-yil boshidan buyon Strategik islohotlar agentligi tomonidan tuman va shaharlar salohiyatidan kelib chiqqan holda, yangi iqtisodiy “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash bo‘yicha faol chiqishlar o‘tkazilmoqda.
Ushbu o’rganishlar yakunlari bo‘yicha shuni ta’kidlash joizki, Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning ishbilarmonlik muhiti va infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, hududlarda turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan 8 ta qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Shu bilan bir qatorda, hududlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha amalga oshirilgan mahalliy tahlil natijasida, maxsus vakolatli organlarni shakllantirish va davlat boshqaruvining yaxlit va samarali tizimini yaratish kabi masalalarni hal etish zarurligini ko‘rsatdi.
Bu borada Avstraliya, Armaniston, Braziliya, Gruziya, Italiya, Qirg‘iziston, Polsha, Chexiya va Shvetsiya kabi davlatlardan mintaqaviy rivojlanishning ilg‘or tajribalari o‘rganildi.
Bu mamlakatlarda qo‘llanilayotgan strategiya va usullarni chuqur tahlil qilish natijasida, mintaqaviy ilg‘or tajribalar jamiyatning o‘ziga xos sharoitlari va ehtiyojlariga moslashtirildi.
Xususan, Avstraliyada infratuzilma, transport, mintaqaviy rivojlanish va kommunikatsiyalar vazirligi hududlarda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, yirik infratuzilma loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Armaniston Hududiy boshqaruv va infratuzilma vazirligi esa, infratuzilmani rejalashtirish va rivojlantirish, mahalliy investitsiyalar va innovatsiyalarni rag’batlantirish uchun javobgardir.
Braziliyada Mintaqaviy rivojlanish vazirligi esa hududlar o’rtasida rivojlanishdagi nomutanosiblikni kamaytirish, transport infratuzilmasini yaxshilash va ulardan shaharlarda foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun javobgardir.
Gruziya ushbu yoʻnalishdagi tadbirlarni hududlar kesimida, jumladan, togʻli hududlarni rivojlantirish boʻyicha strategik hujjatlar va dasturlarni ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan Mintaqaviy rivojlanish va infratuzilma vazirligi negizida amalga oshirmoqda.
Italiyaning Mintaqaviy ishlar va avtonomiyalar vazirligi esa, o’zini-o’zi boshqarishni mustahkamlash va rivojlanish ko’rsatkichi past bo’lgan hududlarda iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish, mamlakatning turli mintaqalar o’rtasidagi iqtisodiy nomutanosibligini kamaytirish masalasiga muvaffaqiyatga erishishiga mas’uldir.
Qirgʻiziston Hududlarni rivojlantirish davlat agentligining faoliyati esa, hududiy rivojlanish jarayonida davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish va ularni tahlil qilish, organlar vakolatlarini chegaralash, bu sohaga sarmoya va grant yordamlarini jalb qilish funksiyalarini qamrab oladi.
Polshaning Jamg‘armalar va mintaqaviy siyosat vazirligi esa, hududlarning rivojlanish darajasidagi farqlarni bartaraf etish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish shuningdek, qishloq aholisining hayot sifatini yaxshilash uchun yer osti va yer usti resurslardan samarali foydalanishda faol ishtirok etmoqda.
Chexiya Respublikasida Mintaqaviy rivojlanish vazirligi esa, keng qamrovli hududiy sarmoyalarni jalb qilishdan tashqari, shahar va hududlarni rivojlantirishda yangi texnologiyalardan foydalanish bilan ham shug’ullanadi.
Shvetsiyaning Iqtisodiy va mintaqaviy o’sish agentligi esa, Yevropa Ittifoqining ikkita asosi fondi – “Yevropa mintaqaviy taraqqiyot” jamg’armasi va “Adolatli o’tish” jamg’armasini boshqaradi, shuningdek, agentlik biznes sohasini tartibga solish jarayoni ustida ham ish olib boradi.
Strategik islohotlar agentligi ushbu mamlakatlar tajribasini tahlil qilish va o‘rganish natijasida hududlardagi muammolar va ehtiyojlarga samarali javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish ustida ishlamoqda. Shu munosabat bilan Agentlik O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy muhitiga muvaffaqiyatli moslasha oladigan ilg‘or usullar va innovatsion yechimlarga murojaat qiladi.