Ma’lumki, Davlatimiz Rahbarining 2024-yil 4-martdagi PQ–109-sonli qarori bilan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, unga muvofiq 60 dan ziyod huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish belgilangan.
Joriy yilning may oyida 1 ta Farmon, 5 ta Prezident qarori, 1 ta Hukumat qarori, 4 ta chora-tadbirlar rejalari (jami 11 ta) ishlab chiqilishi belgilangan.
Hozirda 5 ta Prezident qarori va 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalari ishlab chiqilib, kelishish jarayonlari yakunlanmoqda.
Jumladan, “Axborot taqdim etish tizimini takomillashtirish hamda turizm sohasida yangi imkoniyatlarni yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida Toshkent viloyatining yangilangan turizm konsepsiyasini tasdiqlash, mamlakatimizda geologiya, harbiy, sanoat va ilmiy turizm kabi yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish belgilanmoqda.
“Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda yangi tamoyillar asosida ishlarni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda.
Xususan, Xufiyona iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha strategiyani tasdiqlash, umumiy qiymati 30 mlrd dollar bo‘lgan 50 dan ortiq davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan (transportda 9,3 mlrd doll., maktabgacha va maktab ta’limida – 4,3 mlrd doll., kommunal xo‘jaligida – 2,5 mlrd doll., tibbiyotda – 1,1 mlrd doll.).
“Gaz ta’minoti tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida 5 ta (To‘rtko‘l, Andijon, Chiroqchi, Urgut va Beshariq) tumanlarda suyultirilgan gazni yetkazib berish funksiyasini xususiy operatorlarga o‘tkazish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda chora-tadbirlar rejasida may oyida belgilangan urbanizatsiyani jadallashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishga ixtisoslashgan elektron savdo platformasini yaratish hamda boshqa topshiriqlarning ham ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.