Davlatimiz rahbari joriy yilning 8 aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida taʼkidlaganlaridek, bizga «barqaror va tez surʼatlarda o‘sadigan iqtisodiyot kerak. Yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratilishi kerak». Tabiiyki, har bir viloyatda va hududda o‘ziga xos sharoitlar va shularga yarasha imkoniyatlar mavjud.
Toshkent va Samarqand o‘rtasida joylashgan Sirdaryo va Jizzax viloyatlari ikki yirik qishloq xo‘jaligi va sanoat markazlari o‘rtasida bo‘lish omilidan juda cheklangan holda foydalanadi. Vaholanki, million va undan ko‘p aholiga ega bo‘lgan metropoliyalar o‘z yaqinidagi hudud va shaharlarning rivojlanishiga keskin ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Nima uchun ikki yirik shahar, konglomeratlar o‘rtasida joylashgan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida geografik joylashuvi borasidagi afzalliklardan deyarli foydalanilmaydi? Aynan ana shu savolga javob bu ikki viloyatning kelajakdagi «o‘sish nuqtalari»ni to‘g‘ri belgilashda eng katta burilish bo‘lishiga men shaxsan aminman.
So‘nggi yetti yilda Jizzax viloyatiga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 2,5 mingta yangi korxona ishga tushdi. Qishloq xo‘jaligi regionidan sanoati rivojlangan hududga aylanish borasida katta qadam qo‘yildi. Biroq Jizzaxda kambag‘allik darajasi respublikada to‘rtinchi o‘rinda, xususiy sektordagi rasmiy ishchilarning 11,3 mingtasi oyiga 5 million so‘mdan ortiq daromad oladi.
Katta-katta davlat investitsiyalari hisobiga keyingi uch yilda Jizzaxda yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan yuqori korxonalar soni 467 taga ko‘payib, 1 ming 656 taga, 10 milliard so‘mdan yuqorilari esa157 taga ko‘payib, 309 taga yetgan. Yirik korxonalar 48 taga ko‘payib, 62 taga yetgan. Lekin, «aholini barqaror ish va oylik bilan taʼminlaydigan» o‘rta korxonalar Zafarobodda bor-yo‘g‘i 3 tani, Arnasoy va Mirzacho‘lda 6 tadan, Do‘stlikda 7 ta, Paxtakorda 9 ta, Zarbdorda 10 ta, Forishda 13 tani tashkil qiladi.
Shuncha investitsiyalar hajmiga qaramay, 2023 yilda viloyat byudjeti respublikadan qariyb 1,3 trillion so‘m “dotatsiya” olgan.
Viloyat sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq hissasiga to‘g‘ri keladi. Avtomobilsozlik viloyatda yaqin 3 yil davomidagina yuzaga kelganini inobatga olsak, sanoat potensialini rivojlantirishda hali ko‘p rezervlar borligi yaqqol ko‘rinadi. Farmatsevtika, charmsanoat, metallurgiya, mebelchilik sohalarining ulushi 1 foizga ham yetmaydi.
Jizzax viloyatida yangi sanoat potensialini yaratish borasida erishilgan katta yutuqlarni taʼkidlash bilan birgalikda mamlakat rahbari mavjud rezervlarni ham alohida taʼkidlab, ularni ishga solish mexanizmlarini ancha detallashgan holda sanab ham o‘tdi.
Prezident tomonidan viloyatlarga investitsiyalarni jalb qilishda mamlakatning markazlashtirilgan resurslari kelajakda ham katta rol o‘ynashi inkor qilinmadi. 2024 yil davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Jizzaxga iqtisodiy-ijtimoiy rejalarni amalga oshirish uchun 130 milliard so‘m miqdorida markazlashtirilgan mablag‘lar ajratiladi. Lekin asosiy investitsion mablag‘lar viloyatdagi korxonalarning mavjud potensiali va banklarning kreditlarini jalb qilish hisobiga shakllantirilishi kerak.
Ichki rezervlar haqida gapirilsa, bular orasida eng asosiy ustuvorlardan biri – yerlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish. Ana shu maqsadlarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mablag‘lari hisobidan 10 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan zaxira jamg‘armasi tashkil etiladi.
Ikkinchi yo‘nalish – mamlakat bo‘yicha o‘zini yaxshi ko‘rsatgan ilg‘or qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy qilish, har bir yer maydonidan katta daromad keltiradigan meva va sabzavotlarni yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Zarbdordagi 100 gektarda plantatsiya usulida golubika, malina, parmachak, qulupnay ekish loyihasi amalga oshiriladi.
Uchinchi yo‘nalish – suv taʼminoti yomonlashib, ilgari ekilgan turli ekinlarning «bozori qochib», konyunktura o‘zgargan va hozirda bo‘sh turgan, mamlakat ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llarning yoqasidagi katta yer maydonlarining toifasini o‘zgartirib, umumiy ishlab chiqarish aylanmasiga qayta kiritish. Aylanmadan chiqqan eski ekinlar maydonlarini 5 gektardan aholiga bo‘lib ijaraga berish tashabbusi bu o‘rinda katta ahamiyat kasb etadi.
Birgina yerlarni qayta iqtisodiy faoliyat aylanmasiga kiritish tufayli viloyatda qo‘shimcha 5 mingta ish o‘rni, kamida 50 million dollar eksport, tuman byudjetiga qo‘shimcha 80 milliard so‘m tushumga erishish imkoniyatlari mavjud.
Albatta, Toshkent va Samarqand konglomeratlariga logistika-transport, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatlarini rivojlantirishga katta turtki berishiga ishonchimiz komil.
Abdulla Abduqodirov,
Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari.