Yaqinda Strategik islohotlar agentligi vakillari Jizzax viloyati Zafarobod tumanining salohiyati va qo‘shimcha “o‘sish nuqtalarini” joyga chiqqan holda chuqurroq o‘rgandilar.
Tuman 3 toifaga kiradi, unda 10 ta mahalla mavjud, jami 53,6 ming aholi istiqomat qiladi.
O‘rganishlar davomida SIA xodimlari asosan sanoat, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalariga eʼtibor qaratib, rivojlantirishga turtki beradigan takliflarni ishlab chiqdi.
Sanoat yo‘nalishida amaldagi holat va mavjud muammolarni o‘rganish davomida tumanda 2 ta sement zavodidan tashqari boshqa yirik sanoat korxonasi yo‘qligi aniqlandi. Shu bilan birga mazkur yo‘nalishda 64 ta kichik korxonalar faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsada, ularning tuman sanoati hajmidagi ulushi bor-yo‘g‘i 1 foizni tashkil etishi maʼlum bo‘ldi.
Shu bilan birga, tumanning “Pistalikent” mahallasidagi ko‘p yillardan beri faoliyat yuritmayotgan sobiq “Agrokimyohimoya” HAJning 3,9 gektar yer maydoni va bino-inshootlari o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon sotilmayapti. Mazkur hududda infratuzilma, shuningdek temir yo‘l vetkasi borligini inobatga olgan holda SIA xodimlari tomonidan hududda kichik sanoat zonasini tashkil etish va lotlarga bo‘lgan holda tadbirkorlar uchun auksion orqali sotuvga chiqarish taklifi ishlab chiqildi.
Ushbu takliflar amalga oshirilgan taqdirda, KSZda loyiha qiymati 120 mlrd so‘mlik 12 ta investitsiya loyihalarini joylashtirish, 300 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish, tuman byudjetiga 3 mlrd so‘mdan ortiq soliq tushumlari manbai paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, tumanda ohak ishlab chiqarish zavodini qurish, aniqlangan qora marmarning 30 yilga yetadigan istiqbolli zaxiralaridan unumli foydalanish bo‘yicha investitsion takliflar ishlab chiqildi.
Zafarobod tumani “Chimqo‘rg‘on” mahallasidagi “Baliqli” ko‘lida shifobaxsh balchiq va qum zaxiralari mavjud bo‘lib, ularga yiliga 5-6 ming fuqaro davolanish (revmatizm, bel, oyoq va bo‘g‘im og‘riqlari, shamollashga qarshi kurashish va b.) maqsadida tashrif buyuradi, shuningdek, yiliga 50-60 tonna balchiq viloyat va respublikaning yetakchi sihatgohlariga olib ketiladi.
Shunga ko‘ra ishchi guruh tomonidan respublikamizda mavjud shifobaxsh balchiqlar, qumlar, tuzlar va boshqa maʼdanlarning yagona ro‘yxatini shakllantirish va jamoatchilikka eʼlon qilish, bunday hududlardan samarali foydalanish va ularga tutash hududlarda sihatgohlar yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Mazkur obyektlarda tadbirkorlarni jalb etgan holda, yengil konstruksiyali davolash va dam olish maskani tashkil etilsa, tashrif buyuruvchilar sonini yiliga 50 mingdan oshirish, 20 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 200 dan ortiq ish o‘rni yaratish, byudjetga 600 mln so‘m qo‘shimcha soliq manbasi yaratiladi.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan tayyorlangan takliflar asosida Zafarobod tumanining salohiyatini va aholi daromadini oshirish bo‘yicha alohida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
Bu esa tumanning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish imkonini beradi.