Bugungi kunda Piskent tumani qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning ko’plab tarmoqlarini rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega. Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar doirasida tumanning asosiy “o‘sish nuqtalari” belgilab olindi.
Ayni paytda, tumanning asosiy ishlab chiqarish tarmogʻi qishloq xoʻjaligi boʻlib, paxta (25 ming tonna), bugʻdoy (40 ming tonna), sabzavot (kartoshka 27 ming tonna), uzum, qulupnay va chorvachilik yetishtirishga ixtisoslashgan. Baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish uchun ham yuqori salohiyat mavjud.
Biroq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning salmoqli hajmlariga ega bo’lsada (30 ming 454 tonna), tumanda mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash va maqbul bozor narxlarida sotish imkoniyatiga ega korxonalar mavjud emas. Bu holat potensial daromadning yo’qolishiga olib keladi va qishloq xo’jaligining rivojlanishini cheklaydi.
Ushbu muammoni hal qilish uchun SIA xodimlari mahalliy hokimlik vakillari bilan birgalikda tuman aholisi tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining kafolatli bozorini ta’minlovchi Qabul markazini tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqdi. Markaz kamida 1000 tonna mahsulotni saqlash, saralash, kalibrlash va qadoqlashuchun zarur jihozlar bilan ta’minlanadi hamda eksport yoki ichki bozorga mahsulot tayyorlash imkoniyatini yaratib beradi.
Mazkur taklif aholidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini markazlashgan holda xarid qilish maqsadida aylanma mablag‘larni shakllantirish uchun, imtiyozli moliyalashtirish (2 yillik imtiyozli davr bilan 5-7 yil muddatga 5-10 mlrd so‘m) ajratishni nazarda tutadi.
Buning natijasida, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga barqaror talabni ta’minlash, transport xarajatlarini kamaytirish uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish natijasida 195 ta yangi ish o‘rni yaratilishi hamda 9 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha soliq tushumlari ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Piskent tumanida turizmni rivojlantirish uchun qulay investitsiya muhiti mavjud. Shu sababdan “Tuyabo‘g‘iz” suv ombori (Toshkent dengizi) yonida joylashgan sobiq dam olish maskanini o‘z ichiga olgan o‘zlashtirilmagan 9,8 gektar maydonda turizm loyihalarini amalga oshirish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, A-373 Ohangaron – Guliston xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab,yo‘l bo‘yi infratuzilmasini va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish borasida hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Ishlab chiqilgan taklif doirasida, Xalqaro avtomobil yo‘lining Piskent tumanidan o‘tuvchi 90-120 kilometr yaqinidagi 15,4 gektar yer uchastkasidagi qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasini o‘zgartirish va ularni E-AUKSION.UZ auksion portalida chegirmali narxlarda joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, belgilangan hududda aholiga xizmat ko‘rsatish obyektlari, logistika, avtoservis, umumiy ovqatlanish va shu kabi boshqa xizmatlarni amalga oshirish shaxobchalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Mazkur taklifning hayotga tatbiq etilishi hududdagi 300 nafar aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznesni rivojlantirish, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish kabiimkoniyatlarni beradi.
Piskent tumanining ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish va aniqlash natijasida ushbu hududda sezilarli rivojlanish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashuv, yuqori baliqchilik tarmogʻi hamda turizm uchun qulay sarmoyaviy muhit, hududning iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishning istiqbolli yo‘nalishi sifatida ko‘rish imkonini beradi. Ushbu hududdagi jamiyat tomorqalaridan samarali foydalanish orqali, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish markazi tashkil etiladi va turizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi chora-tadbirlar yangi ish o‘rinlari yaratib beradi, bu esa o’z navbatida, mahalliy aholining turmush sharoitini yaxshilab va tuman iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.