O‘zbekiston, boshqa ko‘plab davlatlar singari, ichimlik suvi va oqava suv ta’minoti sohasida muammolarga duch kelmoqda. Aholini sifatli ichimlik suvi va sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston hukumati ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan maqsadli dasturlarni faol amalga oshirmoqda. Ushbu maqolada ichimlik va oqava suvlari loyihalar to’g’risidagi tarqoq ma’lumotlar to’plangan. Mazkur maʼlumotlar fuqarolarning qachon va qayerda suv bilan taʼminlash rejalashtirilganligini tushunishlariga yordam beradi, hamda loyihalarni amalga oshirish sifatini nazorat qilishga eʼtiborlarini qaratadi. Ichimlik va oqava suv ta’minoti loyihalari byudjet mablag’lari yoki kreditlar hisobidan amalga oshiriladi.
- Byudjet mablag’lari asosida. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirishning 2024-2026 yillargi dasturlari belgilangan.
Qarorga muvofiq, suv taʼminoti ogʻir ahvolda boʻlgan 813 ta mahalla aniqlandi. Ulardan “O‘zsuvta’minot” AJning manzilli dasturlari doirasida 590 ta mahallada, Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalari doirasida 130 ta mahallada, mahalliy hokimliklar tomonidan mahalliy va tashabbuskor byudjet doirasida 93 ta mahallada suv ta’minoti yaxshilanishi ko’zda tutilgan.
Jumladan, “O‘zsuvta’minot” AJ loyihalari doirasida 2024-yilda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 83 ta mahalla va bir qator aholi punktlarida suv ta’minoti va oqava suv tarmoqlari bo‘yicha umumiy summasi 6,8 trln so’mga teng bo’lgan 76 ta loyiha (shundan 67 tasi 2024 yilda foydalanishga topshiriladi) amalga oshiriladi. “O‘zsuvta’minot” AJ ma’lumotlariga ko‘ra mahallalar bo‘yicha mazkur loyihalarning jamlanma jadvali bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan 2024-yilda 35 ta mahallada ichimlik suv ta’minoti loyihalari, ya’ni 8 ta hududdagi 26 ta mahallada 11,6 mlrd so’mga suv chuchuklashtirish qurilmalari o’rnatish ishlari, 6 ta hududdagi 9 ta mahallada 50 mlrd so’mga ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash ishlari davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalari doirasida amalga oshiriladi. Qurilish va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining ushbu loyihalar boʻyicha yigʻma jadval bilan ushbu va ushbu jadvallarda tanishishingiz mumkin.
- Kredit mablag’lari asosida. “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xalqaro moliya institutlari ishtirokida respublikaning 63 ta tuman va shaharlaridagi 1656 ta mahallada umumiy qiymati 2 milliard 350 million AQSH dollari, shundan 1 milliard 980 million AQSH dollari ushbu XMI kredit mablag‘lari hisobidan bo’lgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 4 ta loyihani yakunlash rejalashtirilgan. “O‘zsuvta’minot” AJ ma’lumotlariga ko‘ra mahallalar bo‘yicha mazkur loyihalarning jamlanma jadvali bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Davlat loyihalarini amalga oshirishda shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash fuqarolar manfaatlarini ta’minlashda asosiy o‘rin tutadi. Loyihani amalga oshirishning borishi va natijalari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda aholining faol ishtirok etishi ushbu maqsadga erishishning kuchli vositalaridan biridir. Bu borada har bir fuqaro o‘zi yashaydigan tuman, shahar va mahallalarda amalga oshirilayotgan ichimlik suvi va kanalizatsiya loyihalari bilan tanishishi, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun qo’llanma bilan tanishishi va aniqlangan qoidabuzarliklar haqida telegram-botga xabar berish mumkin. Shuningdek, ushbu telegram-boti orqali ichimlik suvi mavjudligi haqida so‘rovnomada ishtirok etish mumkin. Yigʻilgan maʼlumotlar masʼul idoralarga yetkaziladi va mahalliy ichimlik suvi taʼminoti holatini yaxshilashga xizmat qiladi.