2024-yil 28-mart kuni Strategik islohotlar agentligi, Agentlik huzuridagi Delivery Unit guruhi, vakolatli davlat organlari, xususiy oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar, soha vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida qonunchilikka rejalashtirilgan o‘zgartirishlar hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi xatarlarni aniqlash, boshqarish, tahlil va monitoring qilishga qaratilgan Hazard Analysis and Critical Control Points (HACCP) tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi. HACCP tizimi to‘g‘ri qo‘llanilishda mahalliy biznes uchun foydali va qulay tizim ekanligi alohida ta‘kidlandi.
“Sertifikatlash tizimi”dan butun ishlab chiqarish davrini kuzatish imkonini beruvchi “ro‘yxatga olish tartibi”ga o‘tish orqali oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qilish tizimini joriy etish muhimligi g‘oyasi ilgari surildi.
Tadbirkorlar va oziq-ovqat operatorlari tomonidan bir qator masalalar ko‘tarildi. Xususan, tadbirkorlar va davlat organlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tez-tez o‘tkazish taklif etilib, yangi me’yoriy hujjatlar tartibiga o‘tishda tadbirkorlar uchun qisqa muddat ko‘rsatilayotgani qayd etildi. Biznes vakillari yangi hujjatning kuchga kirish sanalarini aniq belgilash taklifini ilgari surib, jihozlarni transformatsiya qilish va mahsulot tarkibini o‘zgartirish kamida bir yilni talab qilinishi ta’kidladilar.
Tadbirda xususiy sektor vakillari o‘rtasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha fikr-mulohazalarini aniqlash maqsadida so‘rovnoma tashkil etilib, aksariyat ishtirokchilar amaldagi sertifikatlarning takrorlanishini qayd etib, ushbu sohadagi davlat tashkilotlarning takroriy vakolatlarini aniq belgilash taklifini qo‘llab-quvvatladilar. Yorliqlash talablariga rioya etish, ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarni eksportini ro‘yxatga olishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar kiritildi.
Strategik islohotlar agentligi ishtirokchilarning shu kabi tadbirlar orqali biznes va davlat idoralari vakillarining o‘zaro fikr almashishlarini qo‘llab-quvvatladi.