Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va Turkiyalik ekspert Xakan Yurdakul o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda shuningdek Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, direktor o‘rinbosari Rustamxon Azizov va Agentlikning boshqa xodimlari ishtirok etdilar.
Xakan Yurdakul moliya, axborot texnologiyalari va bir qancha davlat idoralarida faoliyat yuritgan. Sharqiy Yevropa, Fors Ko‘rfazi, Shimoliy Afrika davlatlarida mehnat faoliyatini olib borgan. Rivojlanayotgan bozorlar, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida, mahalliy va xorijiy davlat sektori, xalqaro moliya tashkilotlari, investorlar bilan birgalikda foyda va zararni aniqlovchi biznes modellarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish bilan shug‘ullangan.
Yig‘ilish avvalida Agentlik rahbari Xakan Yurdakulga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 noyabrdagi Farmoniga (PF-190-son) muvofiq Agentlik oldiga qo‘yilhan keng ko‘lamli vazifalar haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Agentlik rahbariyati xorijlik mutaxassisni Prezidentning PQ-109-son qarori va mazkur hujjat bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi asosidagi Agentlik vazifalari bilan qisqacha tanishtirdi. Xakan Yurdakulga 2024-yilda amalga oshirish rejalashtirilgan chora-tadbirlar ko‘lami, xususan, 61 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, 16 ta qonun, 26 ta Prezident farmoni va qarori, 19 ta Hukumat hujjati loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar xususida ma’lumot berildi.
Xakan Yurdakul o‘z navbatida O‘zbekiston bozorini tahlil qilish natijalarini SIA rahbariyatiga taqdim etdi. Muhokama chog‘ida tomonlar Turkiyaning turli sohalardagi muvaffaqiyatli tajribasini O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirish muhimligi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Jumladan xizmat ko‘rsatish, tibbiy turizm, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga sarmoya jalb etish masalalari ko‘tarildi. Xorijiy sarmoyani jalb etishning muvaffaqiyatli yo‘llari, eksport va import o‘rnini bosish dasturini samarali amalga oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning asosiy qismi davlat-xususiy sheriklik (DXSh) istiqbollari va O‘zbekistonning geografik joylashuvidan iqtisodiy maqsadlarda foydalanish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Turkiyalik mutaxassis aholi ehtiyojlarini qondirish, mavjud talabga e’tibor qaratish zarurligiga alohida urg`u berdi.
Muhokama natijalari mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va farovonligiga erishishga qaratilgan yangi reja va loyihalarni ishlab chiqish uchun asos bo‘lishi kutilmoqda.