Strategik islohotlar agentligi xodimlari Sirdaryo viloyati Boyovut tumaniga xizmat safari davomida tumanning salohiyatini o‘rganib, qo‘shimcha “o‘sish nuqtalarini” aniqladilar. Mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlarda sanoat sohasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda tumanda 162 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritadi, shulardan 3 tasi yirik, 159 tasi kichik biznes sub’yektlariga to‘g‘ri keladi. Tadbirkorlar tomonidan sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun talab mavjud bo‘lsada, kichik sanoat zonasida bo‘sh yer maydoni yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Hududda MChJlarning biriga tegishli bo‘lgan 4,7 gektar yer maydoni va zarur infratuzilmaga ega binolar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, 5 yildan ortiq davr mobaynida mazkur yer maydonida foydalanilmagan, korxonada esa bank kreditlari bo‘yicha 9 milliard so‘m, soliqlar bo‘yicha 5,5 milliard so‘m qarzdorlik mavjud. Sud qaroridan so‘ng korxonaning yer uchastkasi, bino va jihozlari auksion orqali sotilib, texnik jihozlar sotilgandan so‘ng korxonaning qarzi 7 milliard so‘mgacha kamaytiriladi.
Ushbu vaziyatni hal etish doirasida MChJga tegishli bo‘lgan yer uchastkasi va binolar negizida kichik sanoat zonasini tashkil etish taklifi ishlab chiqildi.
Kichik sanoat zonasi tashkil etilishi hisobiga 10 ta yangi loyiha ishga tushirilib, 10 mln dollar xususiy investitsiya o‘zlashtiriladi hamda 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga 75 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, 1 mlrd so‘m jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq tushumi, 8 mlrd so‘m QQS va aylanmadan olinadigan soliq manbasi yaratiladi.
Boyovut tumanida tutchilikka ixtisoslashgan 13 ta hudud mavjud. Hudularning 320 gektar yer maydonida ipak qurti ozuqa bazasi sifatida foydalanilib kelinmoqda va yiliga 107 tonna pilla yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, tumanda pillani qayta ishlash korxonasi mavjud emas.
SIA xodimlari mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda tut plantatsiyasini o‘zlashtirish orqali pillaning yillik hosildorligini 3 barobar oshirish imkoniyatlarini o‘rganib, tegishli takliflar ishlab chiqdi.
Tahlillar davomida Boyovut tumani hududida sanoat va ipakchilikni rivojlantirish yo‘nalishida katta imkoniyat mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Kichik sanoat zonasining tashkil etilishi va pilla hosildorligining oshishi hududni investorlar uchun jozibador qilib, tumanning iqtisodiy yuksalishi va rivojlanishiga xizmat qiladi.