Joriy yilning 14-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Sayxunobod tumani “Ittifoq” mahallasida bo‘lib, tomorqa va uy xo‘jaliklari bilan tanishgandi. Davlat rahbari Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi yig‘ilishda Sayxunobodda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yangi tajribani butun respublika bo‘ylab qo‘llashning ahamiyatini alohida taʼkidlab o‘tgan edi. Xo‘sh, Sayxunobod tajribasi qanday vazifa va maqsadlarni o‘z ichiga qamrab oladi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining maʼlum qilishicha, Sayxunobodda 19 ta mahallaning har biriga 1 tadan mini traktor, 4 tadan motokultivator olib berilgan. Endilikda har bir mahalladagi hokim yordamchisi “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Mahalladagi agronomlar bilan birga olib berilgan texnikalar hisobidan tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi.
Shuningdek, tumanda eksportga ko‘maklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 mlrd so‘m kiritiladi. Bu korxona 4 ming xonadonga serhosil qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urug‘ini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi.
Sayxunobod tajribasi yerdan yanada samarali foydalanish, dehqonlar uchun bozor topishga ko‘maklashish, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan taʼminlash, tadbirkorlarning eksportiga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini shakllantirish kabi muhim islohotlarni o‘z ichiga oladi.