Strategik islohotlar agentligi xodimlari mamlakatimizning turli hududlariga chiqib, joylardagi qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rgangan holda yangi “o‘sish nuqtalarini” aniqlash ustidan faol ishlar olib bormoqda. Mazkur safarlar davomida Agentlik vakillari tuman va shaharlarning mahalliy rahbariyati bilan birgalikda hududlarning sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish va turizm kabi turli sohalardagi salohiyatini geografik joylashuvi va o‘ziga xosligini hisobga olgan holda tahlil qilmoqdalar.
Yaqinda SIA xodimlari Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Oqoltin tumanlarida safarda bo‘ldilar. Mazkur safar davomida ishchi guruh tomonidan turli sohalardagi mavjud holat o‘rganilib, hokimliklar rahbariyati bilan birgalikda alohida tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Masalan, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) imkoniyatlarini o‘rganish davomida ushbu hudud qulay infratuzilma va temir yo‘l kesishmasi mavjudligi sababli investorlar uchun jozibador ekani, biroq o‘rnatilgan 25 MVt kuchlanishli transformatorlar quvvati yetarli emasligi maʼlum bo‘ldi.
Ushbu muammoni hal qilish uchun EIZ hududida quvvati 40 MVt bo‘lgan transformator podstansiyasini qurish har bir gektarini onlayn-auksionda o‘rtacha 200 mln so‘m narxida belgilash bo‘yicha taklif ishlab chiqildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash va EIZ hududini kengaytirish natijasida 30 dan ortiq yangi loyihalar ishga tushiriladi, 652 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi, 8 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Shuningdek, mahalliy byudjetga yer sotish hisobiga 82 mlrd so‘m tushadi va 36 mlrd so‘m soliq tushumi manbasi yaratiladi.
Turizm sohasiga doir o‘rganishlar davomida Sirdaryo bo‘yi havzasida ekoturizm va dam olish maskanlari tashkil qilish uchun keng imkoniyat mavjudligi, 51 gektarga (shundan, 15 ga suvosti, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan va boshqa yerlar 16 ga) yaqin bo‘sh turgan yer maydonlaridan yetarli darajada foydalanmay kelinayotgani maʼlum bo‘ldi.
Yechim o‘laroq tumanda ekoturizmni yo‘lga qo‘yish va dam olish maskanlari tashkil etish uchun Sirdaryo bo‘yidagi yer maydonlarida Ekoturizm zonasini tashkil etish taklifi ishlab chiqildi. Sirdaryo va Sayxunobod tumanlarida yengil qurilish xizmatlarini ko‘rsatish, dam olish, baliq ovlash, shuningdek, daryoda daryo transporti yo‘laklari va qayiq maydonlarini yaratish rejalashtirilgan.
Natijada hududga tashrif buyuradigan turistlar soni 500 mingdan, shulardan xorijiy turistlar soni 50 mingdan oshishi kutilmoqda. Bundan tashqari har yili 10-15 million dollarlik turistik xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish, 1200 ga yaqin ish o‘rni yaratish, shuningdek, o‘rtacha 4,5 mlrd so‘mga yaqin soliq tushumi manbasini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Oqoltin tumanidagi vaziyat ham o‘rganilib, tegishli takliflar ishlab chiqildi. Masalan, hozirgi kunda har oy tumandan 300-350 nafar fuqaro tibbiy xizmat olish maqsadida Guliston shahriga qatnab kelayotgani, shu bilan birga tumanda bor-yo‘g‘i 10 ta ko‘p qavatli va 324 ta ikki qavatli uylar mavjudligi maʼlum bo‘ldi. Mavjud ko‘p qavatli xonadonlarning 1-qavatlarida esa savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagan.
Mazkur muammoni hal qilish maqsadida tumanda “Yangi hayot” massivi loyihasi amalga oshirish taklifi ishlab chiqildi. Loyiha natijasida 220 ta oila uy-joyga ega bo‘lishi, 1 ta maktabgacha taʼlim muassasasi ishga tushishi, 12 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va byudjetga 36,2 mln so‘m daromad va ijtimoiy soliq tushumi tushirilishi nazarda tutilmoqda.
Qo‘shimcha “o‘sish nuqtalari”ga doir maʼlumotnoma va ishlab chiqilgan takliflar bo‘yicha mamlakat Prezidentiga axborot taqdim etildi. Tahlillar asosida tegishli vazirlik va idoralarga bir qator topshiriqlar berildi.
Strategik islohotlar agentligi xodimlarining mamlakatimiz hududlariga xizmat safarlari nafaqat qo‘shimcha “o‘sish nuqtalarini” aniqlash, balki ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq taklif va chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini bermoqda.