Avval xabar berilganidek, Strategik islohotlar agentligi va Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan viloyatning salohiyatli imkoniyatlari va o‘sish nuqtalari aniqlanib, 25-fevral kuni Prezidentimiz huzurida 2025 yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgan edi.
Berilgan topshiriqlar va aniqlangan qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-93-sonli qarori qabul qilindi.
Joriy yilda viloyatning yalpi hududiy mahsulot hajmini 6,2 foizga, xizmatlarni 15 foizga, hududiy sanoatni 6,5 foizga va qishloq xo‘jaligini 4 foizga o‘sishini ta’minlash, 2 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, qariyb 500 mln dollarlik eksport qilish, shunigdek, kambag‘allik darajasini 7 foizga, ishsizlik darajasini 5 foizga tushirish, 16,3 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish asosiy maqsadlar va vazifalar etib belgilandi.
Imzolangan qarorga ko‘ra mazkur yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun quyidagi muhim ishlar amalga oshiriladi:
1) Guliston, Shirin shaharlari, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Sirdaryo va Xovos tumanlarida 1 080 gektar yer uchastkalarida maxsus sanoat zonalari tashkil etiladi. Bu yerlarda “Sirdaryoda biznes qiling” dasturi doirasida 2025–2027 yy. elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, agro mahsulotlarini qayta ishlash va logistika kabi yo‘nalishlarda 5 mlrd dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtiriladi;
2) viloyatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Mirzaobod, Oqoltin, Sayxunobod, Sardoba va Xovos tumanlari hududidan o‘tgan M-39, M-34, A-373 va A-376 xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘yidagi qariyb 50 gektar yer maydonida “Service area” va “Service point” xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi. Natijada, avtomobil yo‘llari bo‘yicha qiymati 101 ta savdo va servis obyektlari ishga tushiriladi va 365 ta yangi ish o‘rni yaratiladi;
3) Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida Sirdaryo viloyatida 2025-yilda 73 ming gektar ekin maydonlarida chigit ekiladi va paxta yetishtiriladi. Shunindek, viloyatning 8 ta tumanidagi meliorativ holati og‘ir bo‘lgan past rentabelli 25 ming gektar yer maydonida sholi yetishtiriladi;
4) baliqchilik xo‘jaliklariga tegishli sun’iy suv havzalarining kamida 20 foiz qismi intensivlashtirilib, hosildorligi 3-4 barobarga oshiriladi;
5) Sirdaryo viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosining muhofaza zonalarida va atrofida zamonaviy servis va turizm loyihalari joylashtiriladi. Misol uchun, Vetnam, Yaponiya, Turkiya, Xitoy tajribalari asosida ko‘p-qavatli baliq savdo majmuasi barpo etiladi.
Ushbu ishlarga mas’ul bo‘lgan “Xizmatlar, servis va agro-ekoturizmni rivojlantirish” direksiyasi tashkil etilmoqda;
6) “Xovosobod-Zafarobod” chegara bojxona posti va “Oqoltin” chegara bojxona punktiga xalqaro maqom berilganligini inobatga olib, ularning tutash hududida Savdo-logistika majmualari barpo etiladi. Natijada Qozog‘iston va Tojikiston bilan o‘zaro manfaatli savdo aloqalari o‘rnatilib, fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi;
7) Guliston shahri aholisini 2030-yilgacha 4 barobarga ko‘paytirib, 400 ming nafarga yetkaziladi. Buning uchun Guliston shahrining chegaradosh tumanlari (Boyovut, Mirzaobod, Guliston) bilan iqtisodiy, transport va ijtimoiy uzviyligi kuchaytiriladi, shaharning raqamli xaritasini ishlab chiqiladi, xalqaro va mashhur mahalliy brendlar olib kelinadi;
8) amaldagi “Toshkent-Chinorkent-Toshkent” yo‘nalishidagi zamonaviy tezyurar elektr poyezdlarining Guliston shahrigacha qatnashi yo‘lga qo‘yiladi va fuqarolar uchun oylik yo‘l chiptasi tizimi joriy qilinadi;
9) Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali negizida Yangiyer davlat muhandislik va agrotexnologiyalar instituti tashkil etilmoqda;
10) viloyatda jismonan va ma’nan eskirgan hamda avariya holatidagi qariyb 1 400 ta 2 qavatli uy-joylar o‘rnida renovatsiya dasturi asosida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. Bunda ryenovatsiya loyihalari alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan direksiya tashkil etilgan holda amalga oshiriladi;
Shuningdek, qaror bilan viloyatda infratuzilma (ichki xo‘jalik yo‘llari, ko‘priklar, ichimlik va oqova suv) va ijtimoiy obyektlarni (bog‘cha, maktab, tibbiyot) qurish va rekostruksiya qilish uchun ikki yilga qo‘shimcha 100 mln dollar ajratib berildi.
Umuman, imzolangan qarorda belgilangan yuqoridagi va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish viloyatda investitsiyalar hajmini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va kambag‘allik darajasini sezilarli darajada qisqartirish ko‘zlangan.