Strategik islohotlar agentligida “CIVITTA CA” xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, «CIVITTA International» asoschisi va boshqaruvchi hamkori Adam Saulyus Vayna, raqamlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha hamkor Antanas Spechkauskas, “CIVITTA CA” direktori Saidkamolxon Burxonov hamda tomonlarning boshqa vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: “CIVITTA CA” 2010-yilda Estoniyada tashkil etilgan yetakchi xalqaro konsalting kompaniyasi hisoblangan “CIVITTA International” tarkibiga kiradi –. Bugungi kunda kompaniya faoliyati 21 mamlakatni qamrab oladi, 30 dan ortiq ofis va 700 dan ortiq konsultant hamda IT-mutaxassislarni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuv davomida “CIVITTA CA” vakillari kompaniya faoliyati haqida ma’lumot berib, davlat boshqaruvini raqamlashtirishga qaratilgan xalqaro tajriba va muvaffaqiyatli loyihalar haqida batafsil so‘z yuritdilar. Jumladan:
- Transport sohasini raqamli transformatsiya qilish vositasini ishlab chiqish – ushbu loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Natijada davlat organlari va transport kompaniyalari samaradorlik va shaffoflikni oshirish uchun raqamli yechimlar joriy qilindi.
- Ta’lim sohasida davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish – loyiha Abu-Dabi Ta’lim va bilim departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirildi. 160 ta asosiy xizmat maqbullashtirilib, natijada byurokratik jarayonlar qisqartirildi, arizalarni ko‘rib chiqish tezlashtirildi va fuqarolarning davlat bilan o‘zaro munosabatlari soddalashtirildi.
- Vilnyus shahar ma’muriyati uchun raqamli xizmatlar tizimini optimallashtirish – joriy etilgan yangi yechimlar ma’muriy to‘siqlarni kamaytirib, jarayonlarni fuqarolar uchun qulay va tezkor qildi. Natijada davlat xizmatlari bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish muddati o‘rtacha 30% ga qisqardi.
- SPARK – Yevropadagi birinchi to‘liq raqamli elektromobil “karshering” xizmati – ushbu loyihada biznes modelni ishlab chiqishdan tortib, texnologiyani joriy etishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda “CIVITTA” muhim rol o‘ynadi. Natijada minglab odamlar har kuni foydalanadigan ekologik toza shahar transporti muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Strategik islohotlar agentligi va “CIVITTA CA” o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini chuqur tahlil qilish, raqamlashtirish va strategik rejalashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun pilot loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, kelgusi tashabbuslarni batafsil ishlab chiqish maqsadida muloqotni davom ettirish borasida kelishuvga erishdilar.