Yaqinda Toshkent shahrida Strategik islohotlar agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston maktablarida sanitariya sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha besh yillik dasturni ishlab chiqishga bag‘ishlangan ishchi guruhning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Tadbir Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida vazir o‘rinbosari Temur Komilov rahbarligida va Strategik islohotlar agentligi, mazkur Agentlik huzuridagi Delivery Unit ofisi, Qurilish va kommunal xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, YUNISЕF hamda BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda turli xil avtonom kanalizatsiya tizimlari, jumladan, mahalliy bozorda xususiy kompaniyalar tomonidan taklif etilayotgan va qo‘llanilayotgan yechimlar hamda xorijiy davlatlarda ishlatilgan ishonchli usullar muhokama qilindi. YUNISЕF va BMTTD (UNDP) loyihalarida qo‘llanilayotgan avtonom kanalizatsiya yechimlariga ham e’tibor qaratildi. O‘tkazilgan tahlil va taklif qilingan variantlar asosida bir nechta yechimlar tanlab olinib, namunaviy loyihalar ishlab chiqish uchun asos qilib olindi.
Shuningdek, uchrashuvda maktablarni ulardagi hojatxonalar va suv ta’minoti darajasiga ko‘ra klassifikatsiya qilish zarurligi qayd etildi. Bu o‘z o‘rnida ajratilayotgan mablag‘larning optimal ishlatilishi, tanlangan yechimlarni turli shart-sharoitlarda sinovdan o‘tkazish va har bir maktab kategoriyasi uchun eng samarali yondashuvlarni aniqlash imkonini beradi.
Besh yillik dastur doirasida avtonom kanalizatsiya va maktablarda hojatxonalar o‘rnatish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan moliyalashtirish nazarda tutilgan.
2024-yil bahorida Delivery Unit loyiha ofisi tomonidan Respublikamizning 9,5 mingga yaqin maktablarida xatlov o‘tkazilgan bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra maktablarning markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish darajasi 12,5 foizni tashkil qilgan edi.