Strategik islohotlar agentligi tomonidan Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini oʻrganilib, mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi mumkin boʻlgan iqtisodiy va madaniy omillarni aniqladi.
Dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biri boʻlgan Fransiya, yalpi ichki mahsulot boʻyicha jahonda 6-oʻrinda, Yevropada esa 3-oʻrinda turadi. Fransiya YaIMi 3 trillion dollarni tashkil etib, jon boshiga daromad darajasi 41 ming dollarni tashkil qiladi. Mamlakat eksportida samolyotlar, dori vositalari, avtomobillar, vino va kosmetika mahsulotlari ustunlik qilib, 920 mlrd dollarlik eksport daromadini shakllantiradi. Fransiya ilmiy izlanishlarga faol sarmoya kiritib, Yevropada innovatsiyalar boʻyicha 2-oʻrinda turadi, shuningdek, mamlakat 2022 yilda 40 mlrd dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan.
Fransiya hukumati 57 mlrd yevrolik “Katta investitsiya rejasi” kabi keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirmoqda. Fransiyaning rivojlangan moliyaviy tizimi 12 trln dollarlik aktivlarni oʻz ichiga olib, mamlakatni derivativlar va aksiyalar sohasida dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylantiradi. Bundan tashqari, Fransiya yuqori sifatli taʼlim tizimini taklif qiladi va har yili 300 minggacha xalqaro talabaning taʼlim olishi uchun imkoniyat yaratadi, dunyoning nufuzli QS reytingida Sеrbоnna universiteti, Bordo universiteti va Monpelе kabi mashhur oliy oʻquv yurtlari kuchli pozitsiyalarga ega.
Oʻzbekistondagi holat:
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi hamkorlik kuchayib bormoqda, 2023-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi 985 mln dollarga yetdi. Fransiyaning Orano, Alstom, Thales, Veolia va Total Energies kabi kompaniyalari Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023-yilda Oʻzbekistonga 18 mingdan ortiq fransuz turistlar tashrif buyurdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda fransuz tilini oʻrganish faollashmoqda – bugungi kunda 174 mingdan ortiq oʻquvchi va 15 ming talaba fransuz tilini maktab va oliygohlarda oʻrganmoqda.
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi iqtisodiy va madaniy hamkorlik darajasi hamda kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini hisobga olgan holda, Strategik islohotlar agentligi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ishlab chiqdi:
1) Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 10-yigʻilishini oʻtkazish va dolzarb masalalar hamda istiqbolli loyihalarni muhokama qilish;
2) Viza rejimi boʻyicha muloqot: Fransiya bilan muzokaralar olib borib, Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizaviy talablarni soddalashtirish imkoniyatini koʻrib chiqish, bu esa madaniy va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi;
3) Fransuz kompaniyalarini oʻzbek korxonalarini boshqarishga jalb qilish: tajriba sifatida “ТАPОiCh” АJ bazasida Markaziy Osiyoda samolyotlarni texnik xizmat koʻrsatish markazini tashkil etish;
4) Total Energies ishtirokida avtomobillarga yonilgʻi quyish tarmoqlarini rivojlantirish: fransuz kompaniyasini Oʻzbekistonda avtomobillarga yonilgʻi quyish tarmoqlarini yaratishga jalb etish;
5) Elektromobillar uchun ilmiy-tadqiqot markazi yaratish: Fransiyaning Wallbox Copper SB va Circontrol eNext S kabi kompaniyalari bilan elektromobillar va ularga xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik qilish. Fransiyada elektromobillar yengil avtomobillar savdosining 26% ni tashkil etadi;
6) Nufuzli fransuz oliygohlarini Markaziy Osiyoda filial ochishga jalb qilish: 2024-yilda Markaziy Osiyoda filial ochish orqali mintaqada oliy taʼlim sifatini oshirish;
7) Fransuz tili oʻqituvchilarini jalb qilish: fransuz tili oʻqituvchilari sonini oshirish uchun Fransiyadan boʻlgan oʻqituvchilarni Oʻzbekiston oliygohlariga jalb qilishni tashkillashtirish;
8) OECD bilan hamkorlik: OECD bilan hozirgi hamkorlikni qayta koʻrib chiqish va Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlishi hamda Toshkentda OECDning mintaqaviy vakolatxonasini ochish rejasini ishlab chiqish.
Ushbu chora-tadbirlar Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi, iqtisodiyot, ilm-fan va madaniyat sohalarida oʻzaro rivojlanish uchun keng imkoniyatlar ochadi.