O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 martdagi PQ–109-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining 68-69-bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida Strategik islohotlar agentligi va Turizm qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasida axborot taqdim etish tizimini takomillashtirish hamda yangi imkoniyatlarni yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihasida quyidagi asosiy masalalar nazarda tutilmoqda:
a)2025-yil 1-yanvardan boshlab turizmning quyidagi yangi turlari (yo‘nalishlari)ga ruxsat berish:
geologiya turizmi (konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologiya va sanoat obyektlari va boshqa obyekt va zonalarga tashrif buyurish);
sanoat va ilmiy turizm (kon-metallurgiya kombinatlarga tegishli ishlab chiqarish hududlari, sanoat obyektlari hududlari);
harbiy turizm (“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf”, “Qurolli kuchlar davlat” muzeylari va hududlardagi “Vatanparvarlar” bog‘larida eksponat hisoblanmaydigan harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan bevosita tanishtirish, harbiy hududarda turistlarga o‘q otish bo‘yicha pullik xizmatlar tashkil qilish va boshqalar);
b) bosqichma-bosqich aeroport, temir yo‘l vokzallari va avtovokzallarda tegishli hududdagi diqqatga sazovor, tarixiy, madaniy, ko‘ngilochar, ovqatlanish, joylashish va ularga yetib borish marshrutlari haqida ma’lumot beruvchi interaktiv portalni ishga tushirish;
v)“Milliy sayohat” mobil ilovasini ishga tushirish;
g) aeroport va temir yo‘l vokzallari hududlarida avtotransport vositalarini ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga (shu jumladan, “Thrifty”, “Dollar”, “Hertz”, “Avis”) xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish;
d)Toshkent viloyatining yangilangan turizm konsepsiyasini ishlab chiqish. Jumladan “Oltin halqa” turizm konsepsiyasining tahlili bir qator masalalarga e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda:
– hududlarning turistik salohiyatining to‘liq tahlili aks ettirilmasdan tegishli tumanlarga bir abzatsda umumiy tavsif berilgan;
– Konsepsiya ijrosi uchun qisqa muddat belgilangan (2-yil) holda davomiylikni nazarda tutmasdan, cheklangan manzilli chora-tadbirlar tasdiqlangan. Vaholanki, Konsepsiya istiqbolli natijani beruvchi ko‘p yillik hujjat hisoblanib, har yillik reja asosida bajarilishi lozim;
– “maqsad – tadbir – samara” mantiqiy zanjirining zaif nuqtalari aniqlanib, hujjatda aniq erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar va ularni baholash mexanizmlari yoritilmagan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda aholi va turistlarga axborot yetkazish mexanizmlari va ularning samaradorligini o‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda turistlar uchun navigatsiya va yo‘naltiruvchi tizimni yaratish zaruriyati mavjud. Jumladan, tashrif buyuruvchi turist uchun mintaqa va yo‘nalishlar haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri kelgan joyida (aeroport, vokzal, avtovokzal) yoki mashhur sayyohlik joylarida ma’lumot olish imkoniyati muhim hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekistonning turizm sohasidagi jozibadorligini oshirish va turistlarning xabardorligini oshirish uchun turistik yo‘nalishlar va mashhur turistik joylarini navigatsiya va yo‘naltiruvchi, shu jumladan raqamli va interaktiv tizimlari (belgilar, bannerlar, elektron xaritalar, mobil ilovalar va boshqalar) bilan jihozlash ehtiyoji mavjud.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida Toshkent viloyati misolida turizm sohasini rivojlantirish yo‘nalishida so‘nggi 5-yil ichida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Xususan viloyatda mazkur davr mobaynida mehmonxonalar soni 67 tadan 106 taga, oilaviy mehmon uylari 20 tadan 774 taga, xostellar 5 tadan 66 taga yetkazilgan. Turizm xizmatlari eksporti 30 mln dollardan 72 mln dollarga oshgan. Ishga tushirilgan 86 ta yirik turistik loyihalar qiymati 863 mlrd 196 mln so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, turistik obyektlarga olib boruvchi 66 kmlik avtomobil yo‘llari qayta ta’mirlangan bo‘lib, turoperatorlar soni 25 tadan 86 taga yetkazilgan.
Loyihani tayyorlashda Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Italiya, BAA, Singapur, AQSH, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi bir qator rivojlangan mamlakatlarda turistlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida navigatsiya va turistik yo‘nalish tizimlaridan foydalanish tajribasi o‘rganildi.
Ma’lumot uchun: Dubayda “MyDubai Experience” tizimi diqqatga sazovor joylarning fotosuratlari va videolarini ko‘rish, Dubay bo‘ylab virtual sayohat qilish, barcha kerakli ma’lumotlarni 8 tilda olish, shuningdek, uni chop etish imkonini beradi. Shuningdek, turist tizimda sayohat davomiyligi va afzalliklarini ko‘rsatgan holda o‘z yo‘nalishi va muayyan muddatga qolish jadvalini yaratishi mumkin.
Yaponiyada (Digital signage system) turistik belgilarni ifodalovchi tizim aeroportlarda, vokzallarda, savdo markazlarida, madaniy va tarixiy joylarda, mehmonxonalarda, mashhur sayyohlik joylarida (ko‘chalarda) o‘rnatiladi. Tizim 4 tilda ma’lumot beradi va turistlarga qulaylik yaratish uchun bepul WI-FI taqdim etadi.
Kanada geologiya turizmi rivojlangan davlatlar sarasiga kiradi. Masalan, “Banff” milliy bog‘i geologiya turizmi uchun diqqatga sazovor joylardan biridir. Ushbu hududda qoya tuzilmalarini, muzliklar, ko‘llar va sharsharalarni ko‘rish mumkin. Turistlar ushbu bog‘da qoyali tog‘larning shakllanishini o‘rganishadi, shuningdek, eroziya kabi davom etayotgan geologik jarayonlarni kuzatadi.
Ilmiy turizm sohasi AQSHda ilmiy tadqiqotlar, ta’lim va tabiat hodisalariga qiziqadiganlar uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etadigan yo‘nalish hisoblanadi. Turizmning ushbu turi tashrif buyuruvchilarga turli ilmiy fanlarni chuqur o‘rganish imkonini beradi.
AQSHning Massachusets shtatidagi “Woods Hole” dengiz biologik laboratoriyasi va Arktikadagi “Saginaw” ilmiy tadqiqot stansiyalarida tursitlar olimlar bilan birgalikda dengiz biologiyasi, Arktika ekotizimlari va boshqa ilmiy sohalarni o‘rganishlari mumkin.
2017-yilda Rossiya Federatsiyasida Sanoat turizmini rivojlantirish kengashi tashkil etilgan va Rossiya sanoat turizmining yagona xaritasi yaratilgan va uning doirasida 56 ta hudud ma’lumotlari to‘plami tizimlashtirilgan. Ma’lumotda hududlardagi sanoat obyektlari, ularning joylashuvi va tavsiflari aks ettirilgan.
Bugungi kunda dunyoning ko‘p davlatlarida harbiy turizm yo‘nalishi ham ommalashib bormoqda. Masalan, bugungi kunda AQSH, Rossiya, Xitoyda harbiy turizm doirasida muzeylarga sayohatlar uyushtirish, mashhur harbiy texnika, shu jumladan harbiy transport vositalarini boshqarish, har xil turdagi qurollardan otish, harbiy vertolyotlar va samolyotlarda uchish, dala oshxonasida ovqatlanish va poligonlarda ochiq osmon ostidagi chodirlarda tunash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Qirg‘iz Respublikasi “Kaplan” o‘q otish sport klubi mavjud. Ushbu klubning shaxsiy o‘q otish poliginida harbiy qurollardan o‘q otish yo‘lga qo‘yilgan (“Kalashnikov” avtomatidan 30 ta o‘q otish narxi 27 dollar, “SVD” (snayper)dan 20 ta o‘q otish narxi 34 dollar, “Makarov” pistoletidan 10 ta o‘q otish narxi esa 9 dollar etib belgilangan).
Loyihada nazarda tutilgan o‘zgarishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, jumladan yangi turizm yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy axborot va navigatsiya tizimlarini joriy etish, hamda sohadagi infratuzilmani takomillashtirish yurtimizga turistlar oqimini oshirishga va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.