Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan hujjat taqdim etdi. Unda sohaga oid mavjud holatning kompleks tahlili, aniqlangan tuzilmaviy va institutsional cheklovlar, shuningdek, xalqaro tajribaga asoslangan aniq tavsiyalar bayon etilgan.
Xususan, hujjatda suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish va resurslarni boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish agrar sohani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Kengash yer egaligi tizimini rivojlantirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratmoqda. Davlat kafolatlari bilan uzoq muddatli ijarani kengaytirish va keyinchalik sotib olish imkoniyati yaratilsa, bu agrar infratuzilmaga investitsiyalar kiritish, tuproq unumdorligini oshirish va sug‘orish tizimlarini yangilashga rag‘bat uyg‘otadi. Kengash shaffof meros huquqi tartiblarini joriy etish, ijarachilar va xaridorlar uchun malaka talablarini belgilash, yerlarni muvozanatli taqsimlash mexanizmlarini amaliyotga kiritishni taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, qishloq aholisi uchun qo‘shimcha daromad manbai sifatida agroturizmni rivojlantirish, iqlim bilan bog‘liq va bozor xatarlaridan sug‘urtalash xizmatlariga kirishni kengaytirish zarurligi ta’kidlanmoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish masalalariga ham alohida urg‘u berilgan. Kengash qishloq joylarda internetga universal kirishni ta’minlashga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi. Bu raqamli savdo, masofaviy ta’lim va ma’lumotlarga asoslangan fermerlik boshqaruvini rivojlantirish imkonini beradi.
Shuningdek, kengash qishloq xo‘jaligi jamoalarini mustahkamlash lozimligini ta’kidlab, kooperativlar, ishlab chiqaruvchilar birlashmalari va uyushmalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildiradi. Ularning milliy darajadagi qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki natijasida fermerlar ehtiyoji inobatga olinadi va islohotlarning qay darajada amalga oshirilayotgani yuzasidan samarali fikr-mulohazalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Konsultantlarning fikricha, bu maslahat xizmatlarini institutsional qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan OAVlar qamrovini kengaytirish va keng ko‘lamli agrar ma’rifat kampaniyasini boshlash bilan birga olib borilishi kerak.
Malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy va o‘rta maxsus agrar ta’limga kirishni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot institutlarini rivojlantirish va xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hosildorlikning barqaror o‘sishi uchun muhim shartlar sifatida baholangan. Shu munosabat bilan kengash yetakchi xorijiy muassasalar bilan akademik hamkorlikni rivojlantirish orqali ilg‘or bilimlar va texnologiyalarni olib kirishni tavsiya qiladi.
Savdo jarayonlarini tartibga solish nuqtai nazaridan kengash milliy sifat standartlarini joriy qilish, mahalliy brendlarni rivojlantirish, fitosanitariya nazoratini takomillashtirish, kontrakt asosida dehqonchilik tizimini kengaytirish va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun teng sharoitda bozorlarga kirishni ta’minlash zarurligini ilgari surmoqda. Shaffof va raqobatbardosh muhitni shakllantirishga ustuvor ahamiyat berilib, bu antimonopol tartibga solish va halol raqobatni rivojlantirish orqali ta’minlanishi qayd etilgan.
Shuningdek, kengash eksport salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda agrosanoat klasterlarini yaratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qo‘shilgan qiymatini oshirish uchun logistika, sovutkichlarda saqlash va qadoqlash infratuzilmasini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish taklif etilmoqda.
Hisobotda Polsha, Marokash va Vyetnam tajribalari alohida tahlil qilingan bo‘liv, ular O‘zbekiston sharoitiga yaqin bo‘lgan muvaffaqiyatli transformatsiya namunalari sifatida ko‘rsatiladi. Polshada yer egalik huquqlarini kengaytirish, oilaviy fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va Yevropa bozorlariga faol kirish katta samara bergan. Marokash cheklangan suv resurslariga qaramay, aniq yo‘naltirilgan investitsiyalar va sug‘orish tizimini rivojlantirish orqali katta natijalarga erishgan. Vetnam esa yer islohoti, kooperativlar tarmog‘ini kengaytirish va eksportni qo‘llab-quvvatlash orqali bog‘dorchilik rivojini tezlashtirgan.
Mazkur misollarga asoslanib, kengash yuqori daromadli ekinlarni qo‘llab-quvvatlash, bog‘dorchilik klasterlarini shakllantirish, sug‘orishni modernizatsiya qilish, agro maslahatlarni raqamlashtirish, mobil ilovalarni joriy etish, yoshlarga moliyaviy resurslarga kirishni kengaytirish va hosilni sug‘urtalash tizimini rivojlantirish bo‘yicha aniq choralarni taklif etmoqda.
Xalqaro maslahatchilar kengashi tavsiyalarini amaliyotga joriy etish maqsadida hozirda Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqilmoqda. U qishloq xo‘jaligi sohasining hosildorligi, investitsiyaviy jozibadorligi va barqarorligini oshirishga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat zanjiridagi barcha ishtirokchilar manfaatlarini inobatga olishga qaratiladi.