Xalqaro maslahatlashuv kengashi O‘zbekistondagi demografik o‘zgarishlardan to‘g‘ri foydalanish choralariga doir takliflar ishlab chiqdi.
Xususan, Kengash demografik masalalar bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni taklif qilmoqda. Ular orasida ta’lim darajasini oshirish (ayniqsa xotin-qizlar uchun), kasbiy-texnik ta’limni rivojlantirish, xorijda shartnoma asosida mehnat faoliyatini tashkil etish va ijtimoiy xizmatlar sektorini faol rivojlantirish kabi mexanizmlar mavjud.
Kengashning tavsiyasiga ko‘ra, aholining tabiiy o‘sish darajasi eng yuqori bo‘lgan Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida ayollar ta’limiga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Ayollarning savodxonligi va ta’lim darajasini barcha bosqichlarda oshirish ular orasida bandlik imkoniyatlarini kengaytiradi.
Kengashning qayd etishicha, yoshlar uchun kasbiy-texnik ta’limni kengaytirish ikki tomonlama foyda keltiradi. Bir tomondan, sifatli kasbiy ta’lim tizimi yosh avlodga zamonaviy texnologiyalar va xizmatlar sohasida raqobatbardosh bo‘lish imkonini beruvchi yuqori malaka va ko‘nikmalarni taqdim etadi. Avstriya va Germaniya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan kasbiy ta’lim va texnik kollejlar tizimi yosh kadrlar tayyorlash sifatini oshiradi va mehnat bozoridagi muammolarni kamaytiradi.
Kengashning yana bir muhim taklifi O‘zbekiston fuqarolarining xorijda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishini tashkil qilishdir. Bunda ishchi kuchi tanqisligini boshdan kechirayotgan davlatlar bilan shartnomalar tuzish nazarda tutilmoqda.
Kengash xorijda ish topish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida qurilish, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy parvarish xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Qishloq xo‘jaligidagi ishlar odatda mavsumiy bo‘lib, qurilish loyihalari uzoq muddatlarda amalga oshiriladi. Bu esa vaqtinchalik mehnat migratsiyasi uchun shartnoma asosidagi qulay format hisoblanadi. Mazkur jarayonda fuqarolar nafaqat daromad oladilar, balki zamonaviy texnologiyalar, mehnat tashkiloti va boshqaruv bilan tanishish orqali yangi tajriba va malaka ham orttiradilar.
Qayd etilishicha, Kengash tomonidan ilgari surilgan ushbu yondashuv barqaror yechim namunasi bo‘lib, u inson kapitali sifatini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Mavjud demografik holat va Xalqaro maslahatchilar kengashi tavsiyalarini inobatga olgan holda, uzoq muddatli barqarorlik va inklyuziv rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston Demografiya strategiyasi ishlab chiqiladi.