Xalqaro maslahat kengashi a’zolari – Alfred Guzenbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyule mamlakatimiz hududlarida bo‘lib, turizm salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Ular dastlab Samarqandga tashrif buyurib, tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi. Hududdagi turizm infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini ko‘zdan kechirdi.
Kengash a’zolari Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboev bilan uchrashdi. Ularga hududda turizmni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar viloyatga 3 million nafar xorijiy va 5 milliondan ziyod mahalliy turistlar kelishi kutilmoqda.
Mehmonlar Samarqandning boy madaniy merosi va bag‘rikenglik muhiti haqida to‘xtalib, bu shahar sayyohlarni o‘ziga chorlab kelayotganini qayd etdilar.
– Samarqandning har bir obidasi tarixdan so‘zlaydi. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan Samarqand azaldan boy madaniyatlar tutashgan, turli millat vakillari totuvlikda yashaydigan maskan bo‘lgan. Bu jihat ayni paytda butun dunyoda juda dolzarb. Samarqandga kelgan sayyohlar, avvalo, aholining mehmondo‘stligi va samimiyligini e’tirof etadi va shuning uchun yana kelishga oshiqadi. Bu imijdan foydalanib, turistlarga qulayliklarni kengaytirib, viloyatda sohani yanada rivojlantirish mumkin, – dedi Avstriyaning sobiq Federal kansleri Alfred Guzenbauer.
Uchrashuvda shu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlar muhokama qilindi. Jumladan, Vena tajribasi asosida Samarqandda kongress turizmini yo‘lga qo‘yish uchun ajoyib imkoniyat borligi ta’kidlandi.
Kengash a’zolari bu sohada tavsiyalar berish, qo‘shma madaniy tadbirlar va xalqaro ko‘rgazmalar orqali Samarqand salohiyatini targ‘ib etishga tayyorligini bildirdi.
A.Boboev Yevropa mamlakatlari tajribasi nafaqat turizm, balki iqtisodiyotning boshqa sohalari uchun ham muhimligini ta’kidladi. Jumladan, ilm-fan, axborot texnologiyalari va sanoat sohasida Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Xalqaro maslahat kengashi a’zolari Buxoroda ham bo‘ldi. Viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimizda, jumladan, Buxoroda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sohalarni innovatsion rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqotda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni davom ettirish, hududlarni barqaror rivojlantirishda Yevropaning ilg‘or tajribalaridan keng foydalanish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Buxoro viloyatida farmatsevtika va elektrotexnika loyihalarini amalga oshirishga yevropalik investorlarni jalb etish taklifi ilgari surildi.
Xalqaro maslahat kengashi mamlakatimizdagi turizm salohiyati va bu sohadagi istiqbollarni yuqori baholashdi. Iqtisodiy salohiyatni rivojlantirishda hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif doirasida Xalqaro maslahat kengashi a’zolari Buxoroning tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishdi. Joriy yil yakuniga qadar bu yerga 2,5 million nafar xorijiy va 3,5 million mahalliy turistlar kelishi aytib o‘tildi.
Mehmonlar shaharning boy tarixi, betakror madaniyati bilan jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgani, me’moriy obidalar va qadimiy an’analar asl holida saqlanganini e’tirof etdi. Polshaning sobiq Prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy buxoroliklarning hunarmandchiligi va mehmondo‘stligi, bu yerda turizm va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng mehmonlar Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov bilan muloqot chog‘ida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Xorazm viloyatining Yevropa Ittifoqi bilan savdo aylanmasi 5 yil oldin 20 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 4 barobar oshib, 80 million dollarga yetgan. Bugungi kunda Xorazmda xorijiy investorlar ishtirokida 200 tadan ortiq korxonalar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 47 tasi yevropalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil qilingan.
Viloyatda yangi turizm maskanlari qurilayotgani, sayyohlar soni har yili ko‘payib borayotgani qayd etilib, transport sohasida qulayliklarni oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, mehmonlarga ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Viloyat iqtisodiyoti ko‘p tarmoqli ekani, avtomobilsozlik, yengil sanoat, turizm va qishloq xo‘jaligi izchil rivojlanayotgani aytildi. To‘qimachilik, farmatsevtika, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va turizm tarmoqlaridagi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Mehmonlar “Ichan qal’a” yodgorligi va “Arda Xiva” turizm majmuasida bo‘lib, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Safar yakunida Xalqaro maslahat kengashi a’zolari – Alfred Guzenbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyule O‘zbekistonning sayyohlik brendini Yevropa bozorida ilgari surishga tayyorligini bildirdi. Xususan, Yevropa mamlakatlarida o‘zbek oshxonasini tanitish, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviqatnovlarni ko‘paytirish, qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik chora-tadbirlari belgilandi.