Strategik islohotlar agentligida Xalqaro maslahat kengashi a’zolari – Alfred Guzensbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyule bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Agentlik direktori B.Raxmatov mehmonlarni qutlar ekan, o‘zaro hamkorlikda erishilgan yutuqlarni qayd etdi. Jumladan, Kengash tavsiyalari asosida pensiya va soliq tizimlari, ta’lim hamda demografiya sohalari isloh qilinmoqda.
Uchrashuvda kasbiy ta’limda dual tizimni kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlarga Vazirlar Mahkamasi huzurida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etilishi haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston bilan Avstriya o‘rtasida turizm, “aqlli infratuzilma” va mintaqaviy kooperatsiya kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha Kengash tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
Shuningdek, akademik hamkorlikni rivojlantirish rejalari haqida ham ma’lumot berildi. 2026-yil Buxoro shahrida O‘zbekiston va Polsha oliy o‘quv yurtlari rektorlarining III forumi hamda Polshaning «Perspektywy» jamg‘armasi ko‘magida “Women in Tech” anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Doktor A.Guzensbauer har bir sohada individual yondashuvni qo‘llash va O‘zbekiston sharoitiga mos eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish orqali sezilarli natijalarga erishish va islohotlar natijadorligini ta’minlash mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi muvaffaqiyatli chiqishi hamda AQSh Prezidenti D.Tramp bilan uchrashuvi muhim ahamiyatga ega bo‘lgananini ta’kidladi.
A.Kvasnevskiy bugungi kunda kommunikatsiya vositalarining roli sezilarli darajada o‘zgarganini, ijobiy yangiliklarni targ‘ib etish murakkab bo‘lib borayotganini qayd etdi. Bu vaziyatda ijtimoiy tarmoqlar yoshlar faolligini oshirishda muhim vosita ekani aytildi.
Sh.Fyule yaqin kunlarda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishini muhim voqea sifatida qayd etib, bu O‘zbekistonning diplomatik mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u mutaxassislarni xorijda tayyorlab, O‘zbekistonga qaytarish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va bu yo‘nalishda kompleks hujjat ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Kengash a’zolari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida Yevropa jamoatchiligini xabardor qilishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bunday axborot ishlari mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.