Avval xabar berilganidek, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi, Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Londondagi elchixonasi tashabbusi bilan “UZBEKISTAN THE GOLDEN ROAD” (“O‘zbekiston – oltin yo‘l”) nomli hujjatli film yaratilgan edi.
Britaniyalik mashhur olima, yozuvchi va teleboshlovchi Bettany Xyuz tomonidan suratga olingan kartinada mamlakatimizning buyuk tarixi va turizm salohiyati haqida hikoya qilingan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazmdagi diqqatga sazovor joylar tasvirga olingan. Tarixchilar, arxeologlar, muzey xodimlari va boshqa yurtdoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar berilgan.
Hujjatli film shu yil 18 oktabr kuni praym-taym vaqtida Buyuk Britaniyaning “Channel 4” telekanalida namoyish etilgan edi. U Britaniya jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, The Times, The Daily Telegraph, iWeekend, Radio Times, TV Guide, What’s on TV, Wanderlust, TV & Satellite Week va boshqa shu kabi nufuzli OAVlarda yoritildi.
Mamlakatimiz tomoshabinlari uchun film Kinematografiya agentligi tomonidan o‘zbek va rus tillariga o‘girilib, professional dublaj qilindi. Shu kunlarda O‘zbekistondagi 21 ta telekanalda namoyish etilmoqda.
Ushbu hujjatli filmni Strategik rivojlanish va islohotlar agentligining YouTube kanalida tomosha qiling.






