Strategik islohotlar agentligida “Reformatics” konsalting kompaniyasi rahbari Nika Gilauri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Hozirda mazkur kompaniya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2040 yilgacha mo‘ljallangan strategiya ustida ish olib borilmoqda. Shu maqsadda ekspertlar tomonidan yurtimizdagi mehmonxonalar va turoperatorlar holati, transport infratuzilmasi, viza masalalari, har bir hududdagi sayyohlik salohiyati, xizmat ko‘rsatish majmualari o‘rganildi.
O‘tgan yili mamlakatimizga 10 milliondan ortiq xorijiy turist kelgan. Lekin ko‘plab tarixiy obidalar, xushmanzara joylar, madaniy va gastronomik imkoniyatlarga nisbatan bu kam. Shu bois xorijiy turistlar sonini yiliga 20 million nafarga yetkazish hamda yuqori daromadli sayyohlarni jalb etish maqsad qilinmoqda.
Konsalting kompaniyasi bunga erishish uchun bir qator tavsiyalarni bildirgan. Ular 5 ta ustuvor yo‘nalish – madaniyat va tarix, gastronomiya, “Luxury” turizm, ko‘ngilochar turizm hamda innovatsion turizmni rivojlantirishga qaratilgan. Bu, o‘z navbatida, yangi turistik mahsulotlarni yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini keskin oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, samarali marketing kampaniyalari orqali mamlakatni xalqaro maydonda kengroq tanitish kabi kompleks chora-tadbirlarni talab etadi.
Shu maqsadda sayyohlarni segmentlash, faol chiqish turizmiga ega mamlakatlar bilan aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Strategik islohotlar agentligi direktori turistlarni jalb qilishda birinchi omil bo‘lgan transport sohasida qulayliklarni oshirish, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi. Ayniqsa, mamlakatimiz hududlari o‘rtasida faqat Toshkent orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvozlarni ham yo‘lga qo‘yib, ichki turizmni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Shunga muvofiq, “Reformatics” konsalting kompaniyasi mutaxassislarining mamlakatimizning har bir hududiga tashrifini tashkil etib, mutasaddilar bilan birga qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganishga kelishib olindi. Bu orqali hududiy salohiyatdan to‘la foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2040 yilgacha mo‘ljallangan strategiyani tasdiqlashga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuzish hamda joriy yil noyabrda Davlat Rahbari huzurida taqdimot qilish vazifasi belgilab olindi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda 2026 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlar yuzasidan “Reformatics” kompaniyasining tavsiyalari ko‘rib chiqildi.