Strategik islohotlar agentligi tomonidan vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tungi iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qarori loyihasi tayyorlandi.
Hujjatni tayyorlash jarayonida MDH, ShHT, Yevropa Ittifoqi va boshqa xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilib, shuningdek, ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasi tadbirkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Loyihada 2030-yilgacha tungi iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilanib, shu jumladan yangi xizmat imkoniyatlarini yaratish, tungi iqtisodiyotning YaIMdagi ulushini oshirish va bandlikni ta’minlash vazifalari ko‘zda tutilgan.
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 20 ta indikatorni qamrab oladi. Ular orasida savdo-ko‘ngilochar obyektlar, kafe va restoranlar, WiFi zonalari, kinoteatrlar sonini oshirish, “karshering” va “veloshering” tizimi, mobil klinikalar joriy etish, konsertlar, festival va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlar mavjud.
2030-yilga borib 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi ko‘chalar va hududlar sonini 320 taga, tungi rejimda ishlaydigan kafe va restoranlarni 8 mingtaga, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini esa 14,2 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda respublika bo‘ylab 27 ta tuman va shaharda, shuningdek, Toshkent shahrining barcha tumanlarida 24/7 ko‘chalar va hududlar ro‘yxati shakllantirildi.
Loyihada tunu-kun ishlaydigan hududlar uchun minimal talablar belgilandi. Unga ko‘ra, bunday ko‘chalar va hududlar birinchi navbatda viloyat va tuman markazlarida, shuningdek, aholisi 50 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlarda tashkil etiladi. Xalqaro amaliyotga ko‘ra, mazkur ko‘chalarning uzunligi o‘rtacha 800 metrdan 2000 metrgacha bo‘lishi lozim.
Shuningdek, aholi uchun noqulayliklarni oldini olish maqsadida shovqin me’yorlari darajasini qat’iy belgilash ham muhim mezon sifatida ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanishi va unda mavjud muammolar, ustuvor yo‘nalishlar, innovatsion yechimlar, moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash choralari, boshqaruv va koordinatsiya tizimi belgilab berilishi ko‘zda tutilmoqda. Hujjat bilan mazkur Konsepsiyani 2025–2026-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi taklif etilmoqda.
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy elementlaridan biri – 24/7 ko‘chalari va hududlarida biznesini kengaytirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu maqsadda mahalliy brend maqomiga ega tadbirkorlarning yagona elektron ro‘yxati shakllantiriladi. 24/7 ko‘chalarda filial ochadigan mahalliy brend egalari uchun xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarining bir qismi, shuningdek, yangi ish o‘rinlari soniga qarab kredit foiz xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi mumkin.
Shu bilan bir qatorda, “yo‘l xaritasi” tadbirkorlarning tashqi reklama va yoritish xarajatlarini kamaytirish, “Tungi iqtisodiyot” Forumini tashkil etish kabi boshqa choralarni o‘z ichiga oladi.
“Tungi avtobus kruizlari”ni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Ular aholiga va turistlarga shaharning diqqatga sazovor joylari va tungi muhitini yaqindan his qilish imkonini beradi. Shuningdek, 24/7 hududlarni aeroport va vokzallar bilan bog‘lovchi tungi avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari “Tungi iqtisodiyot” raqamli platformasini ishga tushirish, u orqali mahalliy aholi va turistlarga tungi obyektlar, transport va boshqa imkoniyatlar haqida ma’lumot taqdim etib borish ko‘zda tutilgan.
Loyihada hokim o‘rinbosari maqomiga ega bo‘lgan “tungi iqtisodiyot menejeri” lavozimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Tungi iqtisodiyot menejeri 24/7 ko‘chalar va hududlar uchun master-rejalar ishlab chiqish, biznes faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish kabi vazifalar bilan shug‘ullanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 24/7 hududlarni boshqaruvchi kompaniyalarga biriktirish ko‘zda tutilgan. Bunday taklif poytaxtning Mirobod tumani tadbirkorlari tomonidan ilgari surildi. Boshqaruv kompaniyalari hududlarni obodonlashtirish, tozalash, texnik ta’minlash va kundalik masalalarni tezkor hal etish kabi vazifalarga ega bo‘ladi.
24/7 ko‘chalar va hududlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun intellektual videokuzatuv va monitoring tizimlari o‘rnatiladi.
Shuningdek, qaror loyihasida tungi iqtisodiyot holatini, uning YAIMdagi ulushini hududlar va xizmat turlari kesimida baholash maqsadida yangi statistik hisobot tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Taqdim etilgan choralarni samarali amalga oshirish uchun Respublika kengashi tashkil etiladi.
Taklif etilayotgan choralar xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlanishiga qo‘shimcha turtki berishi, turistlar oqimini ko‘paytirishi hamda yangi ish o‘rinlari yaratishi kutilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 11 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi va har yili qo‘shimcha ravishda qariyb 200 ming nafar tashrif buyuruvchilar va turistlar jalb etilishi rejalashtirilmoqda.