Davlatimiz Rahbarining shu yil 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi va hududlardagi ishlar tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshirig‘iga muvofiq, Strategik islohotlar agentligi tomonidan tuman va shahar hokimliklari faoliyatini takomillashtirishga doir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.
Hozirgi kunda tuman va shahar hokimlariga 500 dan ortiq vazifalar yuklatilgan bo‘lib, inson va ma’muriy boshqaruv resurslari kamligi sababli ularni to‘laqonli bajarish qiyin kechmoqda.
Masalan, aholi hayot sifatiga daxldor bo‘lgan mahalliy tashkilotlarga hokimlar bevosita boshchilik qilmaydi. Ularga rahbar tayinlash, shtatlarni taqsimlash, faol ishlaganlarni rag‘batlantirish masalasida yetarli ta’sir kuchiga ega emas. Ayrim joylarda shtatlar soni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos kelmaydi. Rahbar va ijrochi xodimlar sonida o‘zaro maqbul nisbat belgilanmagan.
Farmon loyihasiga ko‘ra, 2026-yil 31-dekabrga qadar 32 ta tuman va shaharda boshqaruvning alohida tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Ularda, tajriba-sinov tariqasida, 9 ta vazirlik va idoraning tuman (shahar) bo‘linmalarini hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazish belgilanmoqda. Bular:
– Iqtisodiyot va moliya vazirligi
– Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
– Qishloq xo‘jaligi vazirligi
– Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi
– Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
– Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi
– Madaniyat vazirligi
– Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi
– Yoshlar ishlari agentligi.
Yangi tizimga muvofiq, hokimlar mazkur idoralarning tuman va shahar bo‘linmalari ustidan bevosita rahbarlik qiladi, shtat birliklarini mustaqil tasdiqlaydi va o‘zgartirish kiritadi. Ushbu bo‘linmalar xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, ularni rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda tuman hokimlarining 6 nafar o‘rinbosari bor. Ularga biriktirilgan yo‘nalishlar ham hamma joyda bir xil bo‘lib, hududning o‘ziga xos xususiyatlari va o‘sish nuqtalaridan farq qiladi.
Shuning uchun, tajriba-sinov davrida, tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlarining sonini 4 nafar etib belgilash taklif qilinmoqda. Bunda hokimlarga hududning o‘ziga xosligi va ixtisoslashuvidan kelib chiqib, o‘rinbosarlarning yo‘nalishlarini belgilash huquqi beriladi.
Yana bir masala – ayrim tuman va shahar hokimliklarida bitta rahbarga bir nafar ijrochi xodim to‘g‘ri kelyapti. Ayrim hokimliklarda rahbar xodimlar soni 37, ijrochi xodimlar soni 27 nafar. Bu ish yuklamasi noto‘g‘ri taqsimlanib, vazifalar sifatsiz bajarilishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois loyihada tuman va shahar hokimliklarida bu nisbat bir rahbarga kamida 3 nafar xodim bo‘lishi belgilanmoqda. Bu amaliyot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi farmoni bilan vazirlik va idoralarda joriy qilingan hamda o‘z samarasini ko‘rsatgan.
Yangi farmon loyihasini tayyorlashda ilg‘or xorijiy amaliyotlar ham o‘rganilgan. Xususan, Chexiya tajribasi asosida hududlararo hamkorlikni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Shu maqsadda hudud rahbarlaridan iborat Hududiy hamkorlik kengashi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Kengashning asosiy vazifasi hududlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish va umumiy tashabbuslarni ilgari surish bo‘ladi.
Bundan tashqari, kelgusi yildan boshlab joylarda Hududlararo iqtisodiy hamkorlik forumini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Bu forumlarda tadbirkorlik, aholi bandligi, qurilish, infratuzilma, mahallalar obodligi kabi muhim iqtisodiy-ijtimoiy masalalarda muayyan hududda erishilgan yutuqlar va eng yaxshi tajribalarni butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilinmoqda. Bunday tajribalar maxsus elektron platformasida jamlab boriladi.
Hokimliklarda ish vaqtini to‘g‘ri va samarali tashkil qilish, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan yig‘ilishlarni qisqartirish maqsadida Majlislarni boshqarish elektron tizimi ishga tushiriladi.
Bunday zamonaviy yondashuvlar amaldagi qonunchilikni takomillashtirish zaruratini ham tug‘dirmoqda. Masalan, 1993-yilda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunda bu tizimning asosiy prinsiplari belgilanmagan, hokimning vakolatlari umumiy tarzda bayon etilgan. Shu bois mazkur qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilmoqda.
Shuningdek, farmon loyihasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish strategiyasi ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.