Moped va skuter kabi kichik hajmli transportlar harakati, ularni boshqaruvchilardan haydovchilik guvohnomasi talab qilinishi keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.
Strategik islohotlar agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan bu masala atroflicha o‘rganilib, transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan edi. Bu choralar Hukumatning 2025 yil 25 oktyabrdagi 676-son qarori bilan amaliyotga tatbiq etildi.
Xususan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab moped va skuterlar, shuningdek, eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr, dvigatel hajmi 25 sm3 yoki nominal quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan transport vositalarini boshqarish uchun “A1” kichik toifasi joriy etiladi.
Bunday haydovchilik guvohnomasini olish uchun majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan turib ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish huquqi beriladi. Talabgorlar xohlasa onlayn yoki oflayn shaklda o‘qishi, yoxud imtihonga mustaqil tayyorlanishi mumkin.
Shuningdek, “A1” kichik toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonda to‘g‘ri javoblar 16 taga tushirildi. Boshqa toifalar uchun 20 ta test savolidan kamida 18 tasiga to‘g‘ri javob berish kerak.
Mototransport vositalarini boshqarish uchun yuqori toifadagi guvohnomalar inobatga olinmasligi ham ko‘plab tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgan edi.
Endilikda “A”, “B”, “C”, “D” toifadagi milliy haydovchilik guvohnomalaridan biriga ega bo‘lgan shaxslar “A1” kichik toifaga kiradigan transport vositalarini boshqarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqli hisoblanadi, ya’ni ulardan “A1” toifa talab etilmaydi.
Yana bir yangilik – haydovchilik bo‘yicha o‘qish soddalashtirilayotganidir. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan boshlab “A” va “B” toifa uchun o‘quv dasturining nazariy qismini avtomaktablarda o‘qish majburiy bo‘lmaydi.
Talabgorlar nazariy bilimlarni o‘z ixtiyoriga ko‘ra onlayn yoki oflayn shaklda, yoxud mustaqil ravishda o‘rganishi mumkin bo‘ladi. Lekin talabgorlar dasturda belgilangan amaliy mashg‘ulotlarni haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv tashkilotlarida to‘liq o‘tashlari shartligi saqlanib qoladi.
Umuman olganda, mazkur choralar mamlakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirish, mototransport vositalaridan foydalanishni yengillashtirib, yoshlar va ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, aholining daromad manbalarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.






