Bugun Toshkent “Markaziy Osiyo – ishonch, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning umumiy makoni” mavzusida VIII Markaziy Osiyo ekspertlar forumi o‘z ishini boshladi. Mazkur forum mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy jihatlarini muhokama qilish uchun an’anaviy maydonga aylandi. Tadbirda Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning strategik tadqiqot markazlari, ilmiy va ekspert doiralari rahbarlari va vakillari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, ASEAN, AQSh, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Rossiya va Shveytsariyadan mutaxassislar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida xalqaro tashkilotlar va diplomatik missiyalar rahbarlari hamda vakillari so‘zga chiqdilar. Shu jumladan, tadbirga Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov taklif etilib, forumning yalpi majlisida ishtirok etdilar.
Mintaqaviy hamkorlik arxitekturasini takomillashtirishga bag‘ishlangan birinchi sessiyada so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo qo‘shnichilikni mustahkamlash va barqaror hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishda katta yo‘l bosib o‘tganini ta’kidlandi. Shu bilan birga qayd etildiki, global chaqiriqlar sharoitida mintaqa barqarorlikni saqlagan holda, uzoq muddatli barqaror taraqqiyot maqsadlariga yo‘naltirilgan samarali davlatlararo hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasini ko‘rsatmoqda.
Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov moderatorlik qilgan ikkinchi sessiyada esa savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va energetika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar mintaqaviy ichki savdo hajmining o‘sib borayotganini, ammo uning umumiy hajmdagi ulushi hali ham kichik ekanini ta’kidladilar. Vaziyatni yaxshilash uchun to‘siqlarni bartaraf etishga, logistikaning raqamlashtirilishiga, yagona mintaqaviy bozorni shakllantirishga va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha moliyaviy instrumentlarni yaratishga e’tibor qaratish taklif etildi.
Forum o‘z ishini 15-avgust kuni davom ettiradi. Unda innovatsiyalar va barqaror taraqqiyot sohasidagi qo‘shma loyihalarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli mavzular muhokama qilinadi. Ishtirokchilar bunday uchrashuvlar Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.