Poytaxtda “Markaziy Osiyo – 2050: umumiy farovonlik va barqarorlik sari yo‘l” mavzusidagi birinchi mintaqaviy forsayt-seminar o‘z ishini boshladi. Seminar Markaziy Osiyoning beshta davlatidan kelgan davlat idoralari, tahliliy va ilmiy tadqiqot markazlari hamda mustaqil ekspertlarni birlashtirdi.
Tadbir Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Qozog‘istonning Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Seminar ochilishida so‘zga chiqqan Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov quyidagilarni ta’kidladi: «Bugun bu yerda kelajakka ma’lumotlar, strategiyalar, qarorlar va islohotlar prizmasi orqali nazar sola oladigan insonlar yig‘ilgan. Markaziy Osiyo davlatlari bugungi kunda mamlakatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli umumiy farovonlik yo‘lida faol hamkorlik qila boshladi».
Seminarning vazifasi, avvalo, kelajak istiqbollarini ko‘ra bilish, ya’ni – nima muqarrar, nimalarning ehtimoli mavjud va nimalarni o‘zimiz o‘zgartirishga qodirligini aniqlash, ikkinchidan, butun mintaqa nomidan strategik tashabbuslarni ilgari surishga tayyor bo‘lgan ekspertlar, davlat xizmatchilari va tadqiqotchilardan iborat fikrdoshlar guruhini shakllantirishdir.
Tadbir kun tartibining markazidan 2050-yilgacha bo‘lgan prognozlar joy oldi. Asosiy e’tibor demografiya, energetika, iqlim, suv resurslari, transport integratsiyasi va inson kapitaliga qaratilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy hamkorlik masalalari ham muhim o‘rin egallagan.
O‘z nutqi davomida Baxodir Raxmatov so‘nggi yillarda mintaqada sezilarli iqlimiy o‘zgarishlarga duch kelganini, jumladan, o‘rtacha yillik harorat 1,2°C ga oshgani, muzliklar maydoni 30 foizga qisqarganini, odam boshiga to‘g‘ri keladigan suv ta’minoti esa 8,4 ming kub metrdan 2,5 ming kub metrgacha qisqarganini ta’kidladi. Bunda harorat o‘sishining asosiy sababi sifatida issiqxona gazlari chiqindilari keltirilgan. Shu bois, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish zaruratga aylanmoqda, bu borada O‘zbekiston 2030-yilgacha energiya balansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan.
Ijtimoiy-demografik istiqbol masalasi ham muhokamalarda alohida o‘rin egalladi. Bugungi kunda mintaqa aholisining 40 foizini 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. «Bu – ulkan salohiyat, – dedi Baxodir Raxmatov. – 2050-yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 150 milliondan oshishi mumkin. 2030-yilga kelib mintaqa aholisining 60 foizi shaharlarda yashashi kutilmoqda. Bu esa infratuzilma, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojning ortishini anglatadi. Eng muhimi – sifatli hayot, xavfsiz muhit va ertangi kunga bo‘lgan ishonch talabi yanada kuchayadi».
Seminarning markaziy mavzularidan biri sifatida ekologiya, suv xavfsizligi va energetika bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish masalasi ko‘tarildi. Tadbir barqaror rivojlanish modeliga o‘tish va mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha fikr almashish uchun ekspertlar maydoniga aylandi.
Tashkilotchilar fikricha, seminar nafaqat uzoq muddatli strategik yo‘nalishlarni belgilashi, balki aniq va dadillarga asoslangan takliflarning manbai bo‘lishi kerak. «Bugun biz nafaqat qo‘shnilar sifatida, balki bir jamoa sifatida ishlash imkoniyatiga egamiz», – deya ta’kidladi Baxodir Raxmatov. Seminar davomida ishlab chiqilgan tashabbuslar 2025-yil sentabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kun tartibiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Birinchi mintaqaviy forsayt-seminar mintaqada uzoq muddatli muloqotni mustahkamlash va strategik kelishuvlarni shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Muhokamalar yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan tashabbuslar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kun tartibini shakllantirishga xizmat qilish bilan birga, ustuvor yo‘nalishlarda kompleks va uzoq muddatli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.