O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Mamlakatimizda islohotlar sur’ati yuqori. Barcha sohalar zamon talabi asosida rivojlantirilmoqda. Vazirlik va hokimliklarning tashabbuslari inobatga olinib, turli reja va dasturlar qabul qilinmoqda. Bu, o‘z navbatida, ularni muvofiqlashtirish, yagona mezon asosida amalga oshirish zaruratini tug‘dirdi.
Shu bois, Strategik islohotlar agentligi tomonidan 2017–2025 yillar davomida qabul qilingan 138 ta strategiya va konsepsiya o‘rganib chiqildi. Shundan 43 tasi strategiya, 94 tasi konsepsiya va 1 tasi uzoq muddatli dastur shaklida qabul qilingan bo‘lib, ularning tuzilishi, mazmuni va muddatlari farqlanadi. Tarmoq va hududiy hujjatlar o‘rtasida uyg‘unlik kam.
Dunyoda bu borada yaxshi tajribalar bor. Masalan, Fransiya, Rossiya, Latviya, Serbiya, Xitoy, Janubiy Koreyada strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish tartibi va iyerarxiyasi aniq ko‘rsatilgan, ularning monitoringi va nazorati o‘rnatilgan.
Farmon shu kabi tahlil va tajribalar asosida ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, mamlakatimizda strategik rejalashtirish va rivojlanishning yagona va kompleks tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, 2025 yil 1 noyabrdan boshlab “maqsad – harakat – natija” zanjiri asosida strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashni o‘z ichiga olgan strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etildi. Strategik rejalashtirish hujjatlarining iyerarxiyasi va darajalari belgilandi.
Unga ko‘ra:
birinchi darajali hujjat konsepsiya bo‘lib, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi. U 7 yildan ortiq muddatga ishlab chiqiladi va qoida tariqasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan tasdiqlanadi. Konsepsiyalar strategiyalarni ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
ikkinchi darajali hujjat, ya’ni Strategiya – mamlakat, hudud, tarmoq yoki sohalarni rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi, bu boradagi aniq maqsad, vazifa va ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Strategiyalar 4 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
uchinchi darajali hujjatlar muayyan strategiyaning maqsad va vazifalariga erishishga qaratilgan dasturlar shaklida qabul qilinadi. Ular 1 yildan 3 yilgacha mo‘ljallangan bo‘ladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Endi bu jarayonlarda o‘zaro bog‘liqlik, mutanosiblik va natijadorlikni ta’minlash juda muhim. Shu bois, Farmonga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat yuritadi. Ushbu kengash qarorlari barcha davlat organlari va tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
Ma’lumki, bu tizimdagi ishlarni tashkil etish, hujjat loyihalarini tayyorlashni tartibga solishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi mas’ul hisoblanadi. Yangi Farmonga muvofiq, mazkur davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib qayta tashkil etildi.
Agentlikka strategik islohotlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihalarining tayyorlanishi va muvofiqlashtirilishi bilan bog‘liq 6 ta qo‘shimcha vazifa yuklatildi. Shuningdek, uning huzurida tarmoqlarni rivojlantirish, hududiy rivojlanish hamda xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha loyiha ofislari tuzilishi belgilandi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, turli darajada ishlab chiqilayotgan milliy, tarmoq va hududiy hujjatlar o‘rtasida uyg‘unlikni ta’minlash zarur.
Shu bois Agentlik endi vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining axborot-tahlil guruhlari faoliyatini muvofiqlashtiradi. Ushbu bo‘linma va guruhlar boshliqlariga idora rahbarining maslahatchisi maqomi beriladi, ularni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan kelishiladi.
Shuningdek, farmonda tizimga oid asosiy tushunchalarga izoh berilib, strategik islohotlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini farqlash mezonlari belgilandi.
Hujjatda kadrlar masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Endi vazirlik, idora va hokimliklardagi tizim xodimlari Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida strategik rejalashtirish va rivojlanish, tahlil va natijadorlikni boshqarish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
Umuman aytganda, Davlatimiz Rahbarining mazkur farmoni mamlakatimizda strategik rejalashtirish va rivojlanishning yagona tizimini yaratadi. Vazirliklar, idoralar va barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining o‘zaro muvofiq ishlashini ta’minlab, pirovard natijada, sohalar va hududlar rivojiga xizmat qiladi.






