Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va Yevropa komissiyasining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi va Yaqin Sharq bo‘yicha xalqaro hamkorlik direktori Peteris Ustubs boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ustubs “O‘zbekiston Mamlakat platformasi” doirasida faol ishtirok uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu tizimni xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni yanada takomillashtirish yo‘lida isloh qilishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Shuningdek, ushrashuv davomida P. Ustubs O‘zbekistonda yer islohotlarini o‘tkazish muhimligini alohida ta’kidladi va Yevropa Ittifoqi agrar sohani isloh qilish hamda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Trans-Kaspiy transport yo‘lagi infratuzilmasini rivojlantirish muhimligini qayd etdi, shuningdek, xususiy sektorning ushbu jarayonga faol jalb etish zarurligini ta’kidladi. Alohida e’tibor logistika infratuzilmasini kengaytirishga, jumladan maxsus binolar, omborxona majmualari va mahsulot saqlash inshootlari qurilishiga qaratildi.
Shu munosabat bilan, mintaqaviy ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish va infratuzilmani kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi manfaatdor davlatlar vakillari ishtirokida Trans-Kaspiy yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya forumi o‘tkazishni taklif etdi.