Strategik islohotlar agentligida Agenlik direktori Baxodir Raxmatov va Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi bosh direktori Svetlana Chupsheva boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘tgan davr mobaynidagi hamkorlik natijalarini muhokama qilib, joriy yildagi yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.
Xususan, o‘tgan davrda qo‘shma sa’y-harakatlar orqali bir qator muhim tashabbuslar amalga oshirildi: Toshkent shahrida fan, sanoat va innovatsiyalar hamkorligiga mo‘ljallangan “Tochka prityajeniya” markazi ochildi, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishning huquqiy asosi shakllantirildi, “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, ikki mamlakat kreativ sanoati vakillari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazildi, sanoat va geologik yo‘nalishdagi yangi turizm turlari joriy etildi.
Hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tomonlar 2025-yilga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini imzoladilar. Hujjatda quyidagi yo‘nalishlar nazarda tutiladi:
1) O‘zbekiston kompaniyalarini Rossiya bozorlariga olib chiqish uchun brendlar tanlovini o‘tkazish. Tanlov g‘oliblari o‘quv dasturlarida ishtirok etish, mahsulotlarini marketpleyslarga olib chiqish, biznes-assotsiatsiyalarga a’zo bo‘lish, xalqaro tadbirlarda qatnashish hamda OAV orqali muvaffaqiyatli loyihalarni keng targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar;
2) kreativ iqtisodiyotni yanada rivojlantirish doirasida kreativ sanoatlarni rivojlantirish bo‘yicha hududiy standartni joriy etish, biznes-missiyalarni tashkil etish, O‘zbekiston va Rossiya kreativ klasterlari o‘rtasida hamkorlik platformasini ishga tushirish, ikki mamlakat kreativ sanoati vakillarining qo‘shma konferensiyalar va forumlarda ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan. Kreativ iqtisodiyot sohasida ta’lim masalalariga alohida e’tibor qaratiladi, jumladan, “Universal University”da grant asosida o‘qish imkoniyati taqdim etiladi.
3) volontyorlikni rivojlantirish bo‘yicha hududiy standartlarni ishlab chiqish va uning ijtimoiy-iqtisodiy hamda hududiy taraqqiyotga qo‘shadigan hissasini oshirishga qaratilgan. Shu doirada huquqiy bazani o‘rganish va tegishli tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tashkil etiladi.
4) sanoat turizmini rivojlantirish – yoshlarga kasbiy yo‘naltirish tizimini shakllantirishga ko‘maklashish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘riladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish, eng yaxshi tajribalar bilan o‘zaro almashish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga kelishib oldilar.