Bugun Strategik islohotlar agentligida Shveytsariyaning “Helvetas Swiss Intercooperation” tashkiloti vakillari bilan kasbiy ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, “Helvetas Swiss Intercooperation” loyiha rahbari Simona Shtrasburger, Shveytsariya Federal texnologiyalar instituti professori Ursula Renold, ekspert Shuxrat Amanov, loyiha menejeri Dildora Abidjanova, «ETH Zurich» assistenti Mishel Palayl hamda ikki tomonning boshqa vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: “Helvetas Swiss Intercooperation” – 1955 yilda Shveytsariyada tashkil etilgan mustaqil tashkilotdir. Hozirda kompaniya 32 mamlakatda aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqda. O‘zbekistonda tashkilot 2021 yildan beri VET4UZ — Kasbiy ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasini amalga oshirib kelmoqda.
Uchrashuv davomida avvalo VET4UZ loyihasining maqsad va vazifalari haqida so‘z bordi. Jumladan, kasbiy ta’lim va o‘qitish tizimini boshqarishni takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, pedagoglar salohiyatini rivojlantirish va biznesning kasbiy tayyorlovdagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi tizimli hamkorlik, ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Kasbiy ta’lim va o‘qitish tizimi oldida turgan yangi vazifalar – raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va tadbirkorlik, ijtimoiy hamda kommunikativ ko‘nikmalarga bo‘lgan talabning oshib borayotgani alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan, ta’lim dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Muhokama davomida Abdulla Abduqodirov kasbiy ta’lim sohasidagi islohotlarga oid tahliliy materiallar va maqolalar turkumini ishlab chiqish va nashr etishni taklif qildi. Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan maqsad – keng jamoatchilik muhokamasini yo‘lga qo‘yish, fuqarolik jamiyati, yoshlar va ishbilarmonlar fikrini inobatga olish hamda so‘rovlar va jamoaviy maslahatlashuvlar orqali ularning fikr-mulohazalarini yig‘ishdir.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikdan ko‘zlangan manfaatlarni yana bir bor tasdiqlab, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.