Andijon viloyati salohiyatini o‘rganish va yangi iqtisodiy “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash ishlari doirasida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va viloyatda faoliyat olib borayotgan 10 ta oliygoh rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Andijon davlat tibbiyot institutida jami 350 turdagi jarrohlik amaliyotlaridan 150 turi ko‘rsatilmoqda. Institut klinikasini ta’mirlash va jihozlash uchun qo‘shimcha resurs ajratib berilsa (ssuda, kredit), viloyatda jarrohlik amaliyotlarini ko‘paytirish, xorijiy talabalar sonini 3 barobarga oshirish va tibbiy turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, favqulodda tibbiy yordam ko‘rsatish sohasi uchun «parameditsina» yo‘nalishi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash taklifi ilgari surildi. Natijada paramedik mutaxassislar tayyorlashga sarflanadigan o‘qish vaqtini 2 yilga kamaytiradi va xarajatlar har bir talaba uchun kamida 55 mln so‘mga qisqaradi.
Institutga universitet maqomini berish hamda uning filiallarini boshqa viloyatlarda ochish taklifi berildi. Bugungi kunda mazkur oliygohda 12 000 dan ziyod talabalar tahsil olib, 2 200 nafardan ortig‘i Namangan viloyati yoshlaridan tarkib topgan. Yuqoridagi taklifni amalga oshirish natijasida institutni xalqaro reytinglarda ko‘rsatkichlari ko‘tarish, dars jarayonlarini bir smenaga tushurish hamda oliygohda ta’lim sifatini yanada yaxshilash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Andijon davlat texnika instituti tomonidan davlat tibbiyot muassasalarida “tibbiyot muhandisi” lavozimini joriy etish hamda buning uchun zamonaviy tibbiyot uskunalarini o‘rnatish va ularga doimiy xizmat ko‘rsatish maqsadida kadrlar tayyorlash taklifi bildirildi.
Hozirda, xorijlik mutaxassislarning xizmat haqlari qimmatligi va ularning yetib kelish vaqtlarining uzoqligi mahalliy mutaxassislarni tayyorlash zaruratini keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida «Kelajakka qadam» dasturi doirasida yosh tadbirkorlarga beriladigan imtiyozli kreditlar uchun mol-mulk garovini talab qilish shartlarini bekor qilish zarurligi ta’kidlandi. Bunga asos sifatida ko‘pgina yoshlar hali mulkka ega emasligi va ushbu talab ularning biznes boshlash imkoniyatini cheklashi mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun yagona ma’lumotlar bazasini yaratish taklifi ham ilgari surildi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, buning natijasida ish beruvchilar kerakli kadrlarni osonroq topishi mumkin bo‘lib, ta’lim-mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlik mustahkamlanadi. Bundan tashqari, bitiruvchilarni ishga qabul qilgan xususiy korxonalarga 1 yil davomida ijtimoiy soliqni 1 foiz etib belgilash kabi soliq imtiyozlarini joriy etish ham taklif etildi.
Andijon davlat chet tillar instituti tomonidan chet tillarini o‘qitishga ixtisoslashgan oliygohlar bitiruvchilarini pedagogik yo‘nalishga ishga qabul qilishda xalqaro til sertifikatlari (CEFR, IELTS)ni talab qilishni bekor qilish taklifi ilgari surildi
Andijon davlat pedagogika instituti rahbariyati chet elda ta’lim olgan fuqarolarning diplomini nostrifikatsiyadan o‘tkazmasdan ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirish imkonini berish taklifini ilgari surdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, viloyatdagi ta’lim tizimini, kadrlar tayyorlash yo‘nalishini takomillashtirish va oliygohlar salohiyatini oshirishga doir aniq takliflar tayyorlanib, ularni amalga oshirish ishlari boshlandi.