28-noyabr kuni Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari – “Yevropa, O‘rta yer dengizi va Markaziy Osiyo” mintaqaviy departamenti bosh direktori Karsten Shmits-Xoffmann hamda jamiyatning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Frits bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida hamkorlikda qilingan ishlar, xususan, strategik rejalashtirish sohasida erishilgan natijalar muhokama qilindi. GIZ eksperti Zorka Kordichning bu boradagi hissasi alohida qayd etildi. Ma’lumki, 2025-yil 30-oktyabrda O‘zbekiston Prezidentining “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Mehmonlar mamlakatimizda strategik rejalashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami va sur’atini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik “yo‘l xaritasi”ni shakllantirishga kelishib oldilar:
- 2030-yilga qadar davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish strategiyasini ishlab chiqishda ekspert ko‘magi ko‘rsatish.
- Strategik rejalashtirish hujjatlari uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimini ishlab chiqish.
- Strategik hujjatlar samaradorligini monitoring qilish va baholash uchun raqamli platforma – “dashboard” yaratish.
- Strategik tashabbuslarni amalga oshirishga xususiy sektorni jalb qilish.
Tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishga kelishib olindi.






