O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi “Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi samaradorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-198-son qaroriga muvofiq Strategik islohotlar agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda xorijiy konsultant va ekspertlarning yagona elektron reestrini shakllantirildi – xorijiyekspertlar.uz platformasi.
Foydalanuvchilarning platformaga kirishi yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali amalga oshiriladi.
Ushbu platformada buyurtmachi tashkilot xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb etish jarayoni, ular bilan tuzilgan shartnoma, bunda xorijiy konsultant va ekspertlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar (texnik topshiriq shaklida) hamda erishiladigan individual maqsadli ko‘rsatkichlar (KPI) aks ettirilishi nazarda tutilgan.
KPIni belgilash va baholash jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqich. Ko‘rsatkichlar va baholash mezonlarini ishlab chiqish (xorijiy konsultant va ekspertlar faoliyati har oylik vazifalarining aniq ro‘yxati ishlab chiqiladi, o‘lchash mumkin bo‘lgan aniq ko‘rsatkichlar belgilanadi);
2-bosqich. Muntazam ko‘mak va monitoring (xorijiy konsultant va ekspert bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazish orqali, 1-bosqichda belgilangan oylik vazifalarga va strategik maqsadlarga ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha o‘zgartirishlarning KPIga ta’siri tahlil qilinadi);
3-bosqich. Baholash (vazifalar va strategik maqsadlarga erishish bo‘yicha rejalarning ijrosi hisoboti, buyurtmachi tashkilot tomonidan ularning faoliyati samaradorligi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun baholanadi).
Platforma foydalanuvchilarga Agentlik, uning ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiyasi, davlat organlari ro‘yxati, xorijiy mamlakatlar ro‘yxati to‘g‘risida keng ko‘lamli axborot xizmatlarini taqdim etadi.
Platformadan foydalanish qulayligi uchun voqealarni xronologik ketma-ketlikda vizual namoyish qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan vaqt tasmasi (vaqt chizig‘i) mavjud.
Xususan, avtorizatsiya qilingan foydalanuvchi o‘z loyihasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, jalb qilingan xorijiy maslahatchilar va ekspertlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi, so‘ngra tasdiqlash va yagona reestrga kiritish uchun ariza qoldiradi.