Hududlarda ijtimoiy sohalar yaxshilanishi, aholining turmush madaniyati oshishida maishiy sharoitlar juda muhim. Markazlashgan oqova tarmog‘i bo‘lmagan chekka joylar uchun muqobil texnik yechimlar qo‘l keladi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 11-maktabda shunday alohida tarmoqqa ega hojatxona barpo etildi. Loyiha Strategik islohotlar agentligining “Delivery Unit” guruhi tashabbusi bilan AQSH tajribasi asosida, grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Amerikaning chekka hududlarida maktablar va boshqa ijtimoiy obyektlarda “soakaway” tizimi keng qo‘llanadi. Bu septik va singitish maydonidan iborat mustaqil qurilma bo‘lib, oqova suvlarnı mahalliy tozalashni ta’minlaydi. Foydalanilgan suv filtrdan o‘tib, tuproqqa xavfsiz singib ketadi.
Shu bois ish boshlanishidan oldin, Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari, loyihachi va quruvchilarning AQSHga o‘quv safari tashkil etildi. Ular “soakaway” usuli bilan joyida tanishib, uni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirdilar.
Bo‘stonliqda qurilgan inshoot shunday ilk loyihadir. Ilgari maktab hojatxonasi tashqarida joylashgan, sanitariya talablariga mos bo‘lmagan bo‘lsa, endi asosiy o‘quv binosiga tutash, toza-ozoda holatda. Bu o‘quvchilarning turmush madaniyati va salomatligida muhim o‘rin tutadi.
Yana bir e’tiborli tomoni, bunday qurilma uchun elektr energiyasi, qimmat uskunalar talab qilinmaydi. Ularga minimal texnik xizmat ko‘rsatiladi. Shuning uchun kamxarj.
Ushbu xususiyatlari tufayli “soakaway” nafaqat maktablar, balki shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, madaniyat va turizm maskanlari kabi muassasalar uchun ham maqbul yechim hisoblanadi.
Shunday loyiha, sinov tariqasida, yana ikkita hududda – Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi 16-maktabda hamda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 255-maktabda amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar natijalariga ko‘ra, qurilish me’yorlariga qishloq joylardagi ijtimoiy obyektlarda “soakaway” tizimini qo‘llashga oid o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.