Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasiga doir davlat investitsiyalarini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, “Ijtimoiy sohadagi davlat investitsiyalarini boshqarish geoportali” joriy qilinishi ko‘zda tutilgan. Portalda infratuzilmaga oid axborotlar yagona yondashuv asosida jamlanadi va tizimlashtiriladi.
Bu ijtimoiy sohaga oid strategiyalarni ishlab chiqish, yangi loyihalarni to‘g‘ri rejalashtirish, byudjet va xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘larini manzilli taqsimlashga xizmat qiladi. Shuningdek, infratuzilmaviy loyihalarni monitoring qilishga keng jamoatchilikni jalb etish nazarda tutilmoqda.
Mazkur qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali – regulation.adliya.uzda muhokama uchun joylashtirildi.