Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv hamda xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda maslahatchi ofisi tomonidan 2025-yilda amalga oshirilayotgan ishlar natijalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, davlat organlarining xalqaro moliyaviy institutlar hamda donorlar bilan o‘zaro hamkorligi vositasi sifatida O‘zbekiston “Mamlakat platformasi” tashabbusidan samarali foydalanish, ushbu platforma kotibiyati va ishchi guruhlar faoliyati natijadorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, demografik o‘zgarishlar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini tahlil qilish, qarorlar qabul qilishda statistik ma’lumotlarga asoslanishni kuchaytirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish bo‘yicha fikr almashildi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda milliy demografik barqarorlik strategiyasi loyihasi bo‘yicha amaliy takliflar taqdim etildi.
Xorijiy investorlar uchun “Yangi O‘zbekiston: ulkan imkoniyatlarga ega katta mamlakat” shiori ostida roud-shou tadbirlarini o‘tkazishning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi. Mamlakatimizga endi kirib kelayotgan investorlar uchun “yagona darcha” (konserj servis) tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, sohadagi kadrlar salohiyatini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
S.Chakrabarti Oksford universitetining “Said biznes maktabi” o‘quv dasturi doirasida 2026-yilda ham ta’lim sohasidagi hamkorlikni davom ettirish muhimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlab, ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil kengaytirishga va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.