O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyning Binxay Yangi Hududi tajribasini o‘rganmoqda
Strategik islohotlar agentligi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Tyanszin shahrida joylashgan Binxay Yangi Hududiga tashrif buyurib, hududning asosiy rivojlanish yo‘nalishlari va boshqaruv tizimini o‘rgandi.
Ma’lumot uchun: Binxay 2009-yilda uchta tumanning qo‘shilishi natijasida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 2 milliondan ortiq aholiga ega. Hudud 1984-yildan buyon maxsus iqtisodiy zona maqomiga ega bo‘lib, 2006-yilda Xitoy milliy rivojlanish strategiyasi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Binxayda 5 ta asosiy rivojlanish hududi faoliyat yuritadi. Tyanszin iqtisodiy-texnologik rivojlanish hududi (TEDA) avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, neft-kimyo va farmatsevtika bo‘yicha milliy markaz hisoblanadi. Bu yerda 97 ta mamlakat ishtirokida 6,5 mingdan ortiq xorijiy investitsiya loyihalari amalga oshirilgan bo‘lib, umumiy sarmoya hajmi 70,4 mlrd AQSh dollariga yetgan. Ulardan 601 tasi «Fortune Global 500» ro‘yxatiga kiruvchi 124 ta kompaniyaga tegishli.
Delegatsiya TEDA Ma’muriy xizmatlar markaziga ham tashrif buyurib, markaz rahbariyati vakili Liu Xu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tyanszin hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan markazda qariyb 100 nafar xodim ishlaydi. Markaz “yagona darcha” tamoyili asosida 24/7 rejimida faoliyat yuritib, TEDA rezidentlari va mahalliy aholiga 1 893 turdagi xizmatlarni taqdim etadi. Foydalanuvchilar uchun investorlar va rezidentlar alohida xizmat maydonlariga ega, politsiya, soliq, bojxona va boshqa idoralar vakillari shu yerning o‘zida faoliyat olib boradi. Markaz investorlar bilan davlat tuzilmalari o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajaradi.
Delegatsiya, shuningdek, Xitoy va Singapur hamkorligida G2G tamoyili asosida barpo etilgan Eko-shahar faoliyati bilan tanishdi. 2009–2017-yillarda amalga oshirilgan ushbu loyiha dunyodagi ilk ekologik shahar hisoblanadi va bugungi kunda aholisi 200 ming kishidan ortiq. Shaharni rivojlantirish uchun ikki hukumat tomonidan 36 ta maqsadli ko‘rsatkich (KPI) tasdiqlangan bo‘lib, ular orasida yashil maydonlarni kamida 50 foiz darajasida saqlash, havo sifatini milliy standartlarga mos holda ta’minlash, boshqaruvni to‘liq raqamlashtirish va real vaqt rejimida monitoring qilish, sport va dam olish maskanlarini har bir xonadondan 500 metr masofada joylashtirish, ilm-fan va arzon uy-joylarni rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash bor.
Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy va Singapur hukumatlari teng ulushga ega (50 foizdan) bo‘lgan «Sino-Singapore Tianjin Eco-City Investment and Development Co., Ltd.» qo‘shma boshqaruv kompaniyasi tashkil etilgan. Kompaniya master-rejani amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, an’anaviy madaniyatni targ‘ib qilish, aholining turmush sharoitlari va ijtimoiy himoyasini yaxshilash kabi vazifalarni bajaradi. Eko-shahar “yashil qurilish” standartlariga to‘liq javob beradi, hududning yarmidan ko‘prog‘i yashil va suvli maydonlardan iborat bo‘lib, turar joy massivlari aqlli boshqaruv va chiqindilarni qayta ishlash tizimlari bilan jihozlangan.
Delegatsiya, shuningdek, mintaqaning eng yirik port majmuasi hisoblangan «Tianjin Port Group» faoliyati bilan tanishdi. Atigi ikki yil ichida qurilgan ushbu port bugungi kunda dengiz va temir yo‘l magistrallari orqali 180 mamlakatdagi 500 dan ortiq port bilan bog‘langan. Kompleks umumiy maydoni 130 km² bo‘lib, 6 ta terminalni (Sharqiy, Shimoliy, Janubiy, Daguqou, Gaoshaling va Dagang) o‘z ichiga oladi. Port hududida 220 dan ortiq to‘xtash joyi mavjud bo‘lib, shundan 100 tasi 10 ming tonnadan ortiq yuk ko‘tara oladigan kemalarni qabul qiladi. Port 22 metr chuqurlikka ega bo‘lib, dunyodagi eng chuqur sun’iy port sifatida tan olingan va sun’iy intellekt hamda 5G texnologiyalariga asoslangan “aqlli port” maqomiga ega. Quvvati bo‘yicha Xitoyda 1-o‘rin, dunyoda esa 8-o‘rinni egallaydi va mamlakat hududining 52 foiziga logistika xizmatlarini taqdim etadi.
Bundan tashqari, Shimoliy portning ikkinchi konteyner terminali ham o‘rganildi. 75 gektar maydonga ega terminalning qirg‘oq chizig‘i 1,1 km bo‘lib, yiliga 2,5 mln TEU yuk o‘tkazish quvvatiga ega. Portda “nol chiqindi” modeli joriy qilingan, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj shamol qurilmalari va quyosh panellari orqali qoplanadi. Shuningdek, port o‘zining sun’iy yo‘ldosh tizimlariga ega, barcha texnika va uskunalar Xitoy korxonalarida ishlab chiqarilib, eksportga yo‘naltiriladi.
Binxay tajribasidan Yangi Toshkent va mamlakatimizdagi boshqa kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirishda foydalanish, master-rejalar ishlab chiqish, innovatsion o‘sish yo‘nalishlarini belgilash va aholining farovonligini oshirish ko‘zda tutilmoqda.