Strategik islohotlar agentligi tomonidan vazirlik va idoralar vakillari uchun maktablar, maktabgacha taʼlim muassasalari, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga sarmoya kiritish jarayonini yanada shaffof, samarali va fuqarolar uchun qulay qilish imkonini beruvchi yangi Geoportal taqdimoti namoyish etildi.
Mazkur raqamli platformaning ishga tushirilishi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsad va vazifalarini amalga oshirish doirasida tashkil etilib, ayni vaqtda, Geoportal orqali mamlakat boʻylab 23 mingdan ortiq ijtimoiy obyektlar, yaʼni 11 mingdan ortiq maktab, 6 888 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 3 689 ta tibbiyot muassasasi va 879 ta sport inshootlari raqamlashtirilgan boʻlib, platforma doimiy ravishda takomillashib, ushbu roʻyxat kengayib boradi.
Toʻplangan real maʼlumotlar asosida ijtimoiy obyektlarning joriy muammolari real vaqt holatiga qarab aniqlab boriladi. Masalan, maktablarning atigi 52 foizi markaziy suv tarmogʻiga ulangan boʻlsa, 9 foizi mutlaqo suvdan foydalana olmaydi. Tibbiyot muassasalarining 70 foizi suv bilan taʼminlanganligi, bemorlar uchun xavfsiz muhitni shakllantirishda muammolar keltirib chiqaradi yoki maktablarning deyarli yarmida majlislar zallari yoʻqligi jamoaviy tadbirlarni oʻtkazish imkoniyatlarini cheklaydi.
Geoportal quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:
- mamlakatdagi barcha ijtimoiy obyektlarning raqamlashtirilgan xaritasini koʻrish va ularning holatini real vaqtda kuzatish;
- loyihalar qanday amalga oshirilayotganligini monitoring qilish;
- davlat tashkilotlari oʻrtasidagi chora¬tadbirlarni muvofiqlashtirish;
- real maʼlumotlar asosida ijtimoiy obyektlar tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
- shaffoflik va fuqarolar ishtirokini taʼminlash.
Geoportal nafaqat davlat organlari, balki oddiy fuqarolar uchun ham foydali vositaga aylanadi. Unda har bir fuqaro:
- yaqin atrofdagi maktab, bogʻcha yoki shifoxonani xarita orqali topishi;
- Obyektlarning quvvati, holati va muhim infratuzilmaga ulanish darajasini bilib olishi;
- kerakli obyektlargacha boʻlgan masofani hisoblash;
- demografik va iqlim prognozlarini koʻrish;
- hududlarni infratuzilmaning mavjudligi boʻyicha solishtirish.
Alohida eʼtiborga loyiq jihat shundan iboratki, fuqarolar portal orqali obyektlar haqidagi maʼlumotlarga oʻzgartirishlar kiritish imkoniga ega boʻlib, bu oʻz navbatida hududlar boʻyicha real holatni aniqlash va investitsiya qarorlarini yanada ishonchli qilishga xizmat qiladi.
Muhim texnik imkoniyatlar
1. Interaktiv xarita:
- Yaqin atrofdagi obyektlarni qidirish;
- Yoʻnalishlar va qamrov zonalari (5, 10, 15 daqiqa);
- Turli yillardagi yillik oʻzgarishlarni taqqoslash (masalan, 2020 va 2024-yillardagi yashil hududlar).
2. Analitika va statistika:
- Hududlar boʻyicha koʻrsatkichlarni solishtirish;
- Grafiklar, jadvallar va filtrlar orqali hududlar kesimida tahlilni amalga oshirish;
3. Sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari (masofadan zondlash):
- Yashil joylar (NDVI);
- Suv mavjudligi (NDWI);
- Rivojlanish koʻrsatkichi(NDBI);
- 2020–2025-yillar uchun dinamika.
Keyingi bosqich
Portal fuqarolarning real ehtiyojlari va infratuzilmaning hozirgi holatidan kelib chiqqan holda dasturlarni shakllantirish imkonini beruvchi davlat investitsiyalarini rejalashtirishning muhim vositasiga aylanishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat investitsiyalarini xolis monitoring qilish va baholash imkoniyatlari yaratilmoqda. Shunday qilib, 2025-yil oktyabr oyiga qadar platforma maktablar, bolalar bogʻchalari va poliklinikalarda sanitariya-gigiyena meʼyorlarini yaxshilashga qaratilgan “Toza qoʻllar” dasturi uchun jamoatchilik monitoringi va baholash funksiyasini ishga tushiradi.
Platformani kim tomonidan yaratilgan
Geoportal Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit loyiha ofisi tomonidan mahalliy mutaxassislar ishtirokida grant va kreditlar jalb qilinmagan holda ishlab chiqilgan. Geoportal ochi qtexnologiyalarga asoslangan boʻlib, ushbu yondashuv mahalliy sharoitga toʻliq moslashishni, texnik mustaqillikni va uzoq muddatda barqaror rivojlanishni taʼminlaydi.
Quyidagi zamonaviy texnologiyalar qoʻllanilishi nazarda tutilmoqda:
- Geografik axborot tizimlari (GIS),
- Sunʼiy intellekt va masofaviy zondlash texnologiyalari,
- Fuqarolik ishtiroki va ochiq maʼlumotlar.
Portal Strategik islohotlar agentligining rasmiy veb-saytida joylashgan. https://asr.gov.uz/geoportal/
U hamma uchun ochiq: fuqarolar, mutaxassislar va davlat organlari.
Geoportalning toʻliq, tahlillarga boy versiyasi ayni paytda davlat tashkilotlari uchun mavjud boʻlib, u 70 dan ortiq infratuzilma koʻrsatkichlari boʻyicha batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Ular orasida quyidagilar alohida eʼtiborga loyiq: tom yopma holati, elektr energiyasi uzilishlari chastotasi, isitish tizimlari, seysmik barqarorlik darajasi va boshqa muhim parametrlar.
Hozirda fuqarolar “Real holat” telegram boti orqali ijtimoiy infratuzilma obyektlari yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega. Yaqin kelajakda ushbu jarayonni yanada tartibga solish va identifikatsiyalangan fikrlarni qabul qilish maqsadida tizim OneID bilan toʻliq integratsiya amalga oshiriladi.
Geoportalni axborot bilan taʼminlash va uni tizimlashtirish jarayonida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Maktab va maktabgacha taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda mahalliy hokimliklar koʻrsatgan samarali hamkorliklar faol ishtirok etdilar. Portal uchun maʼlumotlarni toʻplash va tekshirish boʻyicha ishlar uch bosqichda amalga oshiriladi: birinchi navbatda, maʼlumotlar birlamchi tarkibiy boʻlinmalardan yigʻiladi, soʻngra tegishli vazirliklar orqali qayta tekshiriladi va oxirgi bosqichda fuqarolar bilan tekshirish amalga oshiriladi.