Ma’lumki, Turizm qoʻmitasi va Strategik islohotlar agentligi tomonidan «Reformatics» xalqaro konsalting kompaniyasi ishtirokida Oʻzbekiston turizmini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida kompaniya tomonidan ekspertlik yordamini koʻrsatish doirasida joylardagi turistik infratuzilmaning tahlili, maʼlumotlar to‘plash, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari amalga oshirilib, oʻquv tadbirlari tashkil etildi.
Dastlabki bosqichda “Reformatics” vakillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi kabi muhim hududlarda bo‘lishdi.
Joylarda tabiiy va madaniy obyektlar, shuningdek, yangi yoʻnalishlar yaratish imkoniyatlari oʻrganildi. Shu bilan birga, kompaniya tomonidan davlat organlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazib, viza tartibi, brending va turizm sohasidagi institutsional rivojlanish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, turizm sohasi xodimlari uchun zamonaviy marketing yondashuvlari boʻyicha amaliy seminar oʻtkazilib, litsenziyalash, kadrlar tayyorlash va turistik xizmatlarini sertifikatlashga doir konsultatsiyalar o‘tkazildi.
Hozirda ishlar hududlarda turizmni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlashga qaratilmoqda. Jumladan Fargʻona vodiysi, Xiva–Nukus turistik koridori va yuqori salohiyatga ega boshqa marshrutlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, strategiyaning oraliq natijalarini muhokama qilish hamda Marokash tajribasini Oʻzbekiston sharoitlariga moslashtirib taqdim etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mamlakat brendini xalqaro bozorlarda tanitish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Strategiyaning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida avto- va mototurizmni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqilmoqda. Xususan, turistlar avtomobil va mototransportda boradigan togʻli va ochiq tabiat hududlarda individual loyihalar asosida kempinglar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Oʻzbekistonda xorijiy ishlab chiqaruvchilar ishtirokida avtofurgon va tirkamalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, magistral yoʻllarda katta hajmli yonilgʻi omborlar qurish zaruratisiz ixcham “aqlli” yonilgʻi quyish shoxobchalarini oʻrnatish taklif etilmoqda. Bu kabi choralar kichik biznes uchun qo‘shimcha sharoit yaratishi va avtoturizm infratuzilmasi tarmogʻini kengaytirish imkoniyat mumkin.
Xorijiy tajribada bu modelning iqtisodiy samaradorligini tasdiqlangan: AQSh, Germaniya va Fransiya kabi davlatlarda avto- va mototurizm har yili milliardlab dollar daromad olib keladi va ichki talabni barqaror tarzda qoʻllab-quvvatlaydi.
Ushbu tashabbuslar Oʻzbekiston turizmini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasining bir qismiga aylanib, barcha toifadagi sayohatchilar uchun qulay, zamonaviy va ochiq muhit yaratishga xizmat qiladi.