Oʻzbekiston turizmini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida “Reformatics” xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan tayyorlangan oraliq hisobot taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Strategik islohotlar agentligi, Turizm qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Markaziy bank, Milliy statistika qoʻmitasi, Madaniy meros agentligi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda boshqa vazirlik va idoralar rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.
“Reformatics” kompaniyasi rahbari Nika Gilauri Oʻzbekiston oʻzining noyob tarixiy-madaniy merosi, geografik joylashuvi va barqaror ichki muhiti tufayli katta turistik salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, uning fikriga koʻra, bir qator tizimli muammolarni hal etish orqali turizmni mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirish mumkin.
Ta’kidlanishicha, 2024-yilda turizm sohasidan olingan daromad Oʻzbekiston YAIMining 4,7 foizini tashkil etgan, dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich esa 10 foizga teng. 2021-yilda turizm maqsadida kelgan xorijiy sayyohlar ulushi 8,3 foiz boʻlgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 14,9 foizga yetdi. Ammo bu raqam hali ham boshqa davlatlar, masalan, Hindiston, Turkiya va Gruziya bilan solishtirganda past hisoblanadi.
Turistlar oqimini oshirish va toʻlovga qodir sayyohlarni jalb etish maqsadida kompaniya bir qator chora-tadbirlarni taklif qildi. Ular orasidan aviaqatnovlarni diversifikatsiya qilish, viza tartib-taomillarni soddalashtirish, turistik mahsulotlar katalogi va tadbirlar kalendarini joriy takliflari o‘rin olgan. Shuningdek, zamonaviy arxitektura va gastroturizmni rivojlantirish, oshpazlik ta’limini kuchaytirish, koʻngilochar va sarguzasht turizmini kengaytirish, mamlakat brendini mustahkamlash boʻyicha marketing kampaniyalari va infratuzilmaga investitsiyalarni jalb qilishga doir takliflar ham ilgari surildi.
Xususan, kirish turizmini rivojlantirishda viza tartib-taomillari asosiy omil sifatida alohida e’tirof etildi. “Reformatics” kompaniyasi vizasiz rejim geografiyasini kengaytirish boʻyicha yangi yondashuvlarni taklif qildi.
Strategik islohotlar agentligi direktori B.Raxmatov, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning har bir hududining salohiyati va imkoniyatlarini inobatga olgan holda ichki turizmni rivojlantirish, etnografik turizmni ilgari surish, boy madaniy meros, milliy an’analar, urf-odatlar va hunarmandchilik koʻnikmalari asosida takliflar ishlab chiqishni taklif etdi. Shu bilan birga, “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonun va soʻnggi yillarda qabul qilingan 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha ham tavsiyalar taqdim etilishi zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida taqdim etilgan tavsiyalar batafsil koʻrib chiqildi va ishtirokchilar tomonidan muhokama qilindi. Kelgusida “Reformatics” kompaniyasining ushbu yoʻnalishdagi ishlari turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha aniq yoʻnalishlarni belgilab berishi, mintaqaviy salohiyat va zamonaviy sayyohlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda shakllanishi kutilmoqda.