O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor davlat boshqaruvi sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri – BMTning Davlat Xizmati Forumi (UNPSF 2025)ga mezbonlik qilmoqda.
Forum 23–25-iyun kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtmoqda va Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikadan, jumladan Samoa va Butan kabi kichik davlatlardan rekord miqdorda vazirlar va davlat xizmatiga masʼul organlar rahbarlarini birlashtirdi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor vakillari va innovatsiya yetakchilari ham ishtirok etmoqda.
Forum mavzusi
«2030-yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko’rsatishni jadallashtirish»
Dasturda yalpi majlislar, mavzuli muhokamalar, strategik muloqotlar va ilg‘or amaliyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda. Maqsad – global muammolar va o‘zgaruvchan sharoitlarda davlat xizmatining rolini qayta ko‘rib chiqish.
Forum doirasidagi seminarlarda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Natijalarni erishishni boshqarish guruhi rahbari Aziza Umarova va ushbu Guruh mutaxassislari forsayt, davlat boshqaruvini rivojlantirish va raqamli transformatsiya bo‘yicha o‘zlarining taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda.
Nima uchun bu muhim?
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga atigi besh yil qolganida, samarali, inklyuziv va innovatsion davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Raqamlashtirish, hamkorlik va xizmatlardan teng foydalanishga erishish va “so‘nggi milya”dagi bo‘shliqni kamaytirishga yordam beradigan yangi boshqaruv yondashuvlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston mezbon sifatida
BMT Davlat xizmati forumining O‘zbekistonda o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolatdir. Ular “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy strategik tamoyilga asoslanadi. Bunday yondashuv davlat boshqaruvi tizimini tubdan o‘zgartirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
Islohotlar doirasida mamlakatimizda zamonaviy raqamli ekotizim yaratildi. “Raqamli hukumat” idoralararo integratsiya platformasi 49 ta davlat organlarining 390 dan ortiq veb-xizmatlarini amalga oshiradi, ularga har kuni 216 dan ortiq axborot tizimlari ulanadi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari 760 dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshdi.
Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida keng jamoatchilik va professional huquqshunoslar uchun ochiq boʻlgan sunʼiy intellektga asoslangan raqamli yordamchi muvaffaqiyatli joriy etildi.
Rivojlangan 208 ta Davlat xizmatlari markazlari tarmogʻi respublika boʻylab maʼmuriy xizmatlardan oflayn rejimda foydalanish imkonini beradi.
Erishilgan natijalarning xalqaro e’tirofini reytinglar ham tasdiqlaydi: 2024-yilda O‘zbekiston birinchi marta Elektron hukumatni rivojlantirish reytingining “juda yuqori” darajasiga ega mamlakatlar guruhiga kirdi va GovTech yetuklik indeksida 37 pog‘onaga ko‘tarilib, “A” toifasiga kirdi.
Raqamli transformatsiya barcha asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi – davlat xizmatlaridan tortib elektron moliya, fintech yechimlari, elektron tijorat, fiskal ma’lumotlar tahlili va raqamli iqtisodiyotning boshqa sohalari.
Bu yutuqlar nafaqat raqamli yetuklikning yuqori darajasidan, balki O‘zbekiston o‘z to‘plagan tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligidan dalolat beradi. Mamlakat xalqaro, jumladan, Osiyo va Afrika davlatlari bilan hamkorlikka ochiq.
Forumda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida tajriba almashish hamda davlat xizmatlaridan teng va adolatli foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan Samarqand vazirlar deklaratsiyasi muhokama qilindi.
Shuningdek, raqamli davlat boshqaruvi (GovTech) sohasida yechimlar eksportini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan dasturi ishga tushirildi.
Tashkilotchilar
Forum BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA), Raqamli texnologiyalar vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Strategik islohotlar agentligi hamkorligida tashkil etilmoqda.
BMT Davlat Xizmati Forumi haqida
Forum 2003-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va unga avvalroq AQSh, Avstriya, Ispaniya, Tanzaniya, Bahrayn, Marokash, Kolumbiya, Ozarbayjon (2019) va Koreya Respublikasi (2024) kabi davlatlar mezbonlik qilgan. Samarqand kelgusida samarali davlat boshqaruvi bo‘yicha navbatdagi xalqaro muloqot maydoniga aylanadi.