Toshkentda 8-9-oktyabr kunlari nomarkazlashtirish va hududiy boshqaruvni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Strategik islohotlar agentligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamkorligida, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ko‘magida tashkil etildi.
Seminar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “O‘zbekiston bo‘yicha davlat boshqaruvi sharhi”ning (Public Governance Review) ikkinchi bosqichi doirasida o‘tkazilib, birinchi bosqichda ishlab chiqilgan tavsiyalarni amalda joriy etishga qaratildi.
Bu mamlakatimizda olib borilayotgan ma’muriy islohotlarga mosdir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan quyi bo‘g‘in boshqaruvida yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Shu maqsadda Strategik islohotlar agentligi tomonidan hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda tuman va shahar hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilgan.
Seminar bu boradagi barcha huquqiy va amaliy jihatlarni qamrab olgan beshta interaktiv sessiyadan iborat bo‘ldi. Yurtimiz olimlaridan tashqari “O‘zbekistonda samarali boshqaruv” loyihasi rahbari doktor Viktor Kessler, IHTT vakillari Arno Prete va Izabel Shatri, Polshaning Moliya va hududiy siyosat vazirligi departament rahbari Eva Malik-Kapler nomarkazlashtirish va hududiy rivojlanish bo‘yicha Yevropa tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunida sohaning institutsional asosini mustahkamlash, hududlarning moliyaviy mustaqilligini oshirish, boshqaruv darajalari o‘rtasidagi muvofiqlashuv va hisobdorlikni takomillashtirish muhim yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi.
Seminarda vazirlik, idora va davlat agentliklarining 35 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi, ularga tegishli sertifikatlar berildi.