O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi raisligida Boston Consulting Group kompaniyasi Kaspiy va Markaziy Osiyo mintaqalari rahbari boshchiligidagi konsalting guruhi yetakchi ekspertlari va hamkorlari ishtirokida “O‘zbekiston moliya-bank tizimini o‘zgartirish” mavzusiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mas’ul xodimlari, shuningdek, mamlakatimizdagi tijorat banklari rahbarlari qatnashdilar.
Qayd etilishicha, 1998 va 2008 yillardagi inqirozlardan so‘ng butun moliya tizimini isloh qilish bilan bir qatorda davlat tijorat banklarini sog‘lomlashtirishni boshlamagan mamlakatlar (Gretsiya, Yaponiya, Italiya) moliya bozorlari haddan tashqari o‘zgaruvchan bo‘lib, bu kapitalning chiqib ketishi va bozorning spekulyativlik darajasining oshishi, hamda banklar kapitali va ularning daromad bazasining qisqarishiga olib kelgan. Aksincha, 1999-yildan boshlab tijorat banklarini moliyaviy tartibga solish tizimini o’zgartirish bo’yicha islohotlarni amalga oshira boshlagan mamlakatlar (Ispaniya, Irlandiya) bozor barqarorligini va xorijiy investitsiyalar oqimini ta’minlashda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston bank sektorini o‘zgartirish butun davlat moliya tizimini o‘zgartirishning tayanchi bo‘lib xizmat qiladi, chunki moliya tizimiga investitsiyalar va ishonch masalalari banklarga bo‘lgan ishonchda o‘z aksini topadi.
O‘zbekiston bank sektorini, ayniqsa, davlat ulushiga ega banklarni o‘zgartirish ularning raqobatbardoshligi va samaradorligini oshirishdaustuvor vazifa hisoblanadi. Uchrashuv davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
- Raqamlashtirish – mijozlarga xizmat ko‘rsatish va ichki jarayonlarni yaxshilash uchun raqamli platformalarga o‘tish.
- Korporativ boshqaruvni takomillashtirish – shaffoflik va javobgarlikni oshirish uchun boshqaruv va nazorat qilishning jahondagi ilg‘or amaliyotlarini joriy etish.
- Aktivlarni qayta tuzish – moliyaviy sog’likni yaxshilash uchun aktivlarni qayta baholash va optimallashtirish.
- yangi mahsulotlarni ishlab chiqish – zamonaviy bozor talablariga javob beradigan innovatsion moliyaviy mahsulotlarni yaratish.
Boston Consulting Group biznes konsalting boʻyicha jahon yetakchisi boʻlib, bank sektorini oʻzgartirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega. Kompaniya murakkab muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvlari va global tendentsiyalarni muayyan mamlakat sharoitlariga moslash qobiliyati bilan mashhur.
BCG turli mamlakatlardagi moliya institutlari bilan hamkorlikda katta tajribaga ega, bu esa transformatsiya jarayonida ilg‘or tajriba va texnologiyalarni chuqur tahlil qilish va qo‘llash imkonini beradi. Kompaniya ekspertlari boshqa mamlakatlarda davlat banklarining muvaffaqiyatli transformatsiyasi holatlari bilan o‘rtoqlashdi, chuqur tarkibiy o‘zgarishlarning ahamiyati va yangi texnologiyalarni integratsiyalashuvi zarurligini ta’kidladi.
BCG ekspertlari bilan uchrashuv tajriba almashish va O‘zbekiston banklarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilash maydonchasiga aylandi. Ishtirokchilar ishlab chiqilgan yechimlarni batafsil bayon qilish va taklif etilayotgan o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni rejalashtirish uchun ishchi guruhlarni yaratish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar. BCG bilan hamkorlik O‘zbekiston bank sektorida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish uchun yangi istiqbollarni ochadi, bu esa uning yanada barqaror rivojlanishi va jahon moliya tizimiga integratsiyalashuviga xizmat qiladi.