Strategik islohotlar agentligida O‘zbekistonda qurilish tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy masalalari va shahar makonini rejalashtirishdagi innovatsion yondashuvlar, jumladan, Toshkent shahrining “Raqamli egizak”ini yaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Agentlik direktori o‘rinbosari R.Azizov, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti strategik rivojlanish bo‘yicha birinchi prorektori B. To‘laganov, shuningdek, Agentlik xodimlari J.Agzamov va J.Ubaydullayevlar ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda qurilish materiallari sifatini oshirish, binolarning zamonaviy energiya samaradorligi va ularning ekologik standartlarga mos kelishini ta’minlash borasida hamda malakali kadrlar tayyorlash kabi sohadagi dolzarb tendensiya va muammolar muhokama qilindi. Shaharning raqamli nusxasi – “Raqamli egizak” konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu vosita transport oqimlaridan tortib atrof-muhit o’zgarishlarigacha bo’lgan shahar hayotining turli jihatlarini modellashtirishi mumkin va bu uni shahar rivojlanishini rejalashtirish va boshqarish uchun ajralmas vositaga aylantiradi.
Yig‘ilishda Toshkent shahrining “Raqamli egizak”ini yaratish shahar infratuzilmasini samarali boshqarish, o‘zgarishlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish va davlat xizmatlarini maqbullashtirish, qurilishni rejalashtirish va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yangi ob’yektlarni modellashtirish, ularning atrof-muhit va infratuzilmaga ta’sirini baholash, xavfsizlikni oshirish, baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun transport va piyodalar ma’lumotlarini tahlil qilish, sarmoya jalb qilish, aniq ma’lumotlar va rivojlanish prognozlari asosida shahar salohiyatini namoyish etish kabi qator imtiyozlar berishi ta’kidlandi. B.To‘laganov “Raqamli egizak”ning Toshkent shahar boshqaruvi tizimiga integratsiyalashuvi mamlakatni raqamlashtirish va shahar resurslarini yanada samarali boshqarishni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkinligini, bu esa o‘z navbatida shaharning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida “Raqamli egizak” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ta’lim muassasalari, mutasaddi tashkilotlar, xususiy sektor va xalqaro ekspertlar o‘rtasida yaqin hamkorlik zarurligi ta’kidlandi. Bu Toshkent shahri taraqqiyoti va ravnaqiga xizmat qiluvchi samarali raqamli platforma yaratish uchun zarur bilim, tajriba va texnologiyalarni to‘plash imkonini beradi.